Keling, bir kulishaylik!

Yigit qizdan so’radi:
— Yaxshi qiz, sizni ilgari Merilin Monroga o’xshatishganmi?
— Yo’q.
— To’g’ri qilishibdi.
— Nega?
— Chunki, siz Armen Jigarxanyanga o’xshaysiz.

***

Erkak yarim tungacha barda qolib ketdi. Endi uyga kelgach, xotiniga nima deyishni bilmay boshi qotdi. O’ylay-o’ylay, ihoyat bir qarorga keldi va xotiniga qo’ng’iroq qilib dedi:
— Xotin!.. Meni noma’lum kimsalar o’g’irlab ketishgandi… Lekin pul talab qilishsa, berma! O’zim amallab ularning qo’lidan qochib ketdim!

***

Xotin eriga dedi:
— Eshitishimcha, hozir jarrohlar operatsiya yordamida odamlarni yoshartirishayotganmish. Masalan, ikki ming dollar bersangiz, yigirma yoshga yosharib qolarmishsiz.
Er xotininng qo’liga to’rt ming dollar tutqazdi-da, dedi:
— Mana senga to’rt ming! Qaytib qorangni ko’rmay!..

***

— Og’ayni, nega ko’p sigaret chekasan-a?
— Bilasanmi… Xavotirdaman.
— Nimadan xavotirdasan?
— Sog’lig’imdan.

***

Bolalar bog’chasida besh yashar qizcha guruhdoshlariga maqtanayapti:
— Mening yangi dadam bor.
— Voy, ismi nima?
— Boltavoy aka.
— Familiyasi Teshaboyevmi?
— Ha.
— O’, u juda zo’r dada! O’tgan yili menga dada bo’lgandi.

***

Erkak mashinada ketib borardi. Ichki ovoz dedi:
— To’xta! Hov anavi yerni kovla!
Erkak mashinani to’xtatib, pastga tushdi va aytilgan joyni kovlay boshladi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, bir qop tilla ko’mib qo’yilgan ekan. Shunda ichki ovoz dedi:
— Endi qopdagi tillalarni daryoga tashla!
Erkak ichki ovoz aldamayotganiga, tillalarni daryoga tashlasa, o’rniga o’n qop tilla suv ostidan chiqadi dedi o’yladi va qop to’la tillani daryoga uloqtirdi. Ichki ovoz esa shunday dedi:
— Ko’rdingmi? Tillalar cho’kayotib zo’r bulqilladi!
***

Fermerning darvozasini noma’lum kimsa taqillatib so’radi:
— Ayting-chi, eng yaxshi sigiringiz qancha turadi?
— Oldin siz kimligingizni ayting. Soliqchimisiz? Yo sigirlarimdan birini mashinada urib ketdingizmi?

***

— Dada, diskotekaga borsam maylimi?
— Boraver! Lekin aytib qo’yay, u yerda oyingni uchratsang, tayinlagin! Tez uyga kelsin!

***

Ayol militsiyaga borib eri har kuni sababsiz kaltaklayverishidan shikoyat qildi. Militsiya bo’limidagilar erini bo’limga chaqirib gaplashib qo’ygach, ayoldan so’rashdi:
— Xo’sh, qalay? Endi kaltaklamayaptimi eringiz?
— Qayoqda? Endi sabab topib kaltaklayapti.

***

Xotin eriga dedi:
— Sho’rlik kotibangizga achinib ketayapman. Bir ahvolga kelib qolibdi-ya! Ha, hammasiga qo’shnimiz sababchi!
— Nima, qo’shnimiz tanishmi u bilan?
— Yo’q. Ammo men tanishman.
— Qaerda tanisha qolding?
— Teri kasalliklari shifoxonasida.