Shu kunlarda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida sport gimnastikasi bo’yicha Jahon kubogi bosqichi bo’lib o’tmoqda. Unda ishtirok etayotgan hamyurtimiz, gimnastika afsonasi Oksana Chusovitina yana bir karra dunyo ahlini hayratga solib, shohsupaning eng yuqori pog’onasiga ko’tarildi.
Yaqinda 47 yoshga qadam qo’yadigan Chusovitina tayanib sakrash mashqi bo’yicha o’tkazilgan final bahslarida 13,266 ball bilan 1-o’rinni egalladi. Keyingi o’rinlarni mos ravishda Vengriya vakilasi Mariya Ksenje Bakskay hamda sloveniyalik Tesha Belak qo’lga kiritishdi.
Jami to’rt bosqichdan iborat bo’lgan ushbu musobaqaning uchta bosqichida qatnashib, ularda ikkita oltin va bitta kumush medalga sazovor bo’lgan O’zbekiston sport gimnastikasi faxri bo’lgan Oksana tayanib sakrash yo’nalishida Jahon kubogi sohibasiga aylandi. Ta’kidlash joiz, ushbu yo’nalishda hamyurtimizga teng keladigan raqib topilmadi. Bundan tashqari Chusovitina qimmatli reyting ochkolarini ham qo’lga kiritdi.
Sportni rivojlantirish vazirligi afsonaviy Chusovitinani ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etadi.