Amerika harbiylari IShID terrorchilik tashkilotining rahbari Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyni yo’q qildi, deb ma’lum qildi AQSh prezidenti Jo Bayden.
«Kecha tunda AQSh harbiylari mening buyrug’im bilan Suriya shimoli-g’arbida Amerika xalqi va ittifoqchilarimizni himoya qilishga qaratilgan kontrterror operatsiyasini muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirishdi», — deyiladi uning bayonotida.
Bundan tashqari, Bayden Twitter-akkauntida o’zi, vitse-prezident Kamala Harrisva, prezidentning milliy xavfsizlik bo’yicha jamoasi a’zolari aks ettirilgan fotosuratni joylashtirdi. Suratga izohda ular al-Qurayshiyni yo’q qilish operatsiyasini kuzatishayotgani aytilgan.
«The New York Times» nashrining yozishicha, IShID rahbari yashagan uch qavatli uyga jiddiy zarar yetgan. Qayd etilishicha, IShID boshlig’i o’zini portlatib yuborgan. Nashrning ma’lumotiga ko’ra, operatsiyada yigirma nafar maxsus xizmat askarlari, harbiy vertolyotlar va dronlar qatnashgan.
Al-Qurayshiy 2019 yil oktyabrda Abu Bakr al-Bag’dodiyning o’limidan so’ng IShID rahbari etib saylangandi.