Taxmina Ikromova jahon kubogini qo'lga kiritdi

Toshkent mezbonlik qilgan badiiy gimnastika bo’yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi o’z yakuniga yetdi.

15 mamlakat vakillari ishtirok etgan bellashuvlarda  O’zbekiston terma jamoasi faoliyatida yangi sahifa ochildi.

Dastlab ko’pkurash dasturida tengsiz bo’lgan yosh gimnastikachi Taxmina Ikromova halqa va bulava mashqlarida oltin, tasmada esa bronza medalini qo’lga kiritdi. Shu tariqa, Ikromovaning o’zi ushbu musobaqada 3 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo’ldi.

O’zbekiston Milliy Olimpiya Qo’mitasi buni qayd etmoqda.

Ta’kidlanishicha, Ra’no Muhamedova hamda Nilufar Shomurodova qo’l ostida shug’ullanayotgan qizlar dastlab ko’pkurash dasturida, so’ng 5 halqa mashqida kumush, 3 tasma va 2 to’p dasturida esa oltin medal bilan taqdirlanishdi.

Shu tariqa, mazkur bosqichda O’zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin, 2 ta kumush hamda 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o’rinni qo’lga kiritdi.

Eslatib o’tamiz, bir muddat avval. Ikromova Jahon kubogini oltin medal bilan boshlagani, shuningdek,  O’zbekistonlik gimnastikachilar guruh mashqida kumush medalga sazovor bo’lgani haqida ma’lumot bergan edik.

olympic.uz