Shomurodov o'zbekistonlik sportchilar uchun Yevropa futboliga yo'l ochdi – ekspert

Ilk bor tashkil etilgan Yevropa Konferensiyalar Ligasi finalida Italiyaning «Roma» va Niderlandiyaning «Feyenoord» klublari o’zaro to’qnash kelishdi.

Rimliklar safida o’zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov uchrashuvning 89-daqiqasida zaxiradan maydonga tushdi. Yakunda “Roma” 1:0 hisobida raqibidan ustun keldi va Konferensiyalar Ligasining ilk g’olibi sifatida tarixga kirdi.

Eldor Shomurodov esa Yevrokuboklar finalida maydonga tushgan ilk o’zbekistonlik futbolchi bo’ldi. Shuningdek, 26 yoshli futbolchi faoliyatidagi dastlabki katta sovringa ega chiqdi.

 

Taniqli sport sharhlovchisi Otabek Jo’rayevning so’zlariga ko’ra, Shomurodov o’zining Italiyaning “Jenoa” va “Roma” klublarida muvaffaqiyatlari bilan o’zbekistonlik sportchilar uchun Yevropa futboliga yo’l ochgan.

“Eldor shunchaki birinchi emas, u bizning o’yinchilar uchun Yevropaga, Yevropa futboliga yo’l ochdi, ularni (o’zbekistonlik futbolchilarni – tahr.) kuzata boshlashdi”, – dedi Jo’rayev Sputnik bilan suhbatda.
Ekspertning so’zlariga ko’ra, Shomurodov o’zining tirishqoqligi va mehnatsevarligi bilan shunday muvaffaqiyatlarga erishgan. U astoydil o’z ustida ishlaydi va hamisha o’z jamoasiga nafi tegadi.

“Eldorning rad etib bo’lmaydigan bir xislati bor – u mehnatkash va hamisha o’z jamoasiga nafi tegadi, mutlaqo hamisha”, – dedi Jo’rayev.

Sharhlovchi Eldor o’yin paytida bir joy turmasligi, doimo harakatlanishi, raqib himoyachilaridan to’pni olib qo’yishga intilishiga e’tibor qaratdi.

“Eldor Shomurodov sen astoydil ter to’kishing, o’zingga ishonishing va shu bilan bilan biror bir muvozanatni ushlab turishing kerak bo’lgan namuna. Yevropada ko’pchilik xudbin – bu yaxshi ma’noda. Ular oldilariga ulkan maqsadlar qo’yishgan, ular o’ziga xos. Ular statistikani oshirish uchun darhol darvoza sari zarba berishadi. Eldorda bu narsa yo’q. Yuzma-yuzma to’qnashish paytida u to’pni sherigiga uzatadi, ya’ni haqiqiy o’zbek sifatida bo’lishadi”, – deydi Jo’rayev.