«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu sobiq model Ketrin Mayorgaga 56 million funt kompensatsiya to’lamaydigan bo’ldi.
The Associated Press xabariga ko’ra, okrug sudyasi Jennifer Dorsi juma kuni Las-Vegasda bo’lib o’tgan yig’ilishda Mayorganing advokati Lesli Mark Stovallning jarayon davomida «o’g’irlangan» maxfiy hujjatlardan foydalangan nohaq xatti-harakati sabab da’voni rad etdi.
Sudya ishni qayta da’vo qilish imkoniyatisiz butunlay to’xtatishni buyurdi.
Mayorga tomon bu qaror ustidan San-Fransisko okrugi apellyatsiya sudiga shikoyat qilish huquqiga ega.
Ushbu jarayon 2018 yil sentyabr oyida boshlangan edi. Ayol 2009 yili Las-Vegasda futbolchi tomonidan zo’ravonlikka uchragani haqida ma’lum qilgandi. Model 2010 yilda Ronaldu vakillari bilan kelishuvga erishgan va 375 ming dollar evaziga ushbu ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik bo’yicha shartnoma imzolagan. Keyinchalik portugaliyalik pul o’tkazganini tan olgan. 2020 yil oktyabr oyida model yana bir bor Ronaldu bilan sudlashishga harakat qildi. U 2010 yilda tuzilgan oshkor etmaslik to’g’risidagi shartnoma shartlarini qabul qilayotganda ruhiy holati odatiy bo’lmaganini isbotlashga urindi.