Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu va uning agenti Xorxe Mendesh o’rtasidagi hamkorlik tugatildi. Bunga “Manchester Yunayted”ni tark etish masalasidagi qarama-qarshilik sabab bo’lgani aytilmoqda.
Britaniyaning “The Athletic” nashri xabariga ko’ra, portugaliyalik mashhur futbol agenti Ronalduning “Manchester Yunayted”ni tark etishiga qarshi bo’lgan.
Qayd etilishicha, Xorxe Mendesh mijozining Manchester klubini tark etish xohishidan kelib chiqib, unga Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi yangi klub qidirishga tushgan. Ammo Ronaldu haftalik maoshini 80 ming funtgacha qisqarishiga rozi bo’lganiga qaramay, YeChLda ishtirok etadigan hech bir klub aniq taklif bildirmagan. Shu bois Mendesh Ronalduning “Manchester Yunayted”da qolib, o’z o’yini bilan yana avvalgi darajasini tiklash va keyingi mavsum YeChLda to’p surish imkoniyatini qo’lga kiritishni maslahat bergan.
Ammo Ronaldu agentining taklifini rad etib, 20 yillik hamkorlik sovuqlashishiga sabab bo’ldi. Krishtianu Mendesh bilan hamkorlikni boshqa davom ettirmaslikka qaror qilgan. “An-Nasr” bilan muzokaralar va shartnoma imzolanishida ham Xorxe Mendesh ishtirok etmagan. Ushbu transferni portugaliyalik futbolchining shaxsiy menejeri Rikardu Regufe amalga oshirgan