“Roma”: Shomurodovga hech qanday kelishuv yo'q!

Milan shahrida “Roma” va “Torino” sport direktorlari Tyagu Pinto va Davide Vanyatti o’zaro uchrashib, hamkorlikning turli masalalari, xususan Eldor Shomurodovning transferi borasida muzokara olib borgani haqida xabar qilingan edi.
Muzokara bo’lganini “Torino” mutasaddilari tasdiqladi va Davida Vanyatti “Biz uchrashib, o’zaro aloqalarimizni do’stona tarzda muhokama qildik. Bir qancha detallarni gaplashib oldik. “Roma” bilan ajoyib aloqalarga egamiz. Shu bois, yaqin kunlarda yangiliklar bo’lishini kutyapmiz. Biz bir paytning o’zida bir necha jarayonlarni kuzatib boryapmiz. Xususan, Eldor Shomurodov transferi ham shular jumlasidan. Hozir transferni amalga oshirish haqida bosh qotiryapmiz. “Roma” qarshimida moliyaviy feyr-pley bilan bog’liq bir necha to’siqlar bor”, – dedi.

Uning gaplaridan turinliklar o’zbek hujumchisini o’z safiga qo’shib olishdan umid uzmaganini payqash qiyin emas. Biroq, “Roma” sport direktori Tyagu Pinto masalaga boshqacha tus berdi.

Italiya futbolini yoritib borayotgan Tuttomercatoweb nashri jurnalistlari portugaliyalik mutaxassisdan Shomurodovning “Torino”ga transferi bo’yicha muzokara natijalarini alohida so’radi.

Manba Pinto bu qisqa va lo’nda qilib: “Shomurodovga hech qanday kelishuv yo’q!”, deb javob qilgani aytilmoqda.

Eslatib o’tamiz, o’tkir hujumchiga ehtiyoj sezayotgan “Torino” anchadan beri o’zbek hujumchisi transferi bo’yicha Tyagu Pinto bilan muzokara olib bormoqda. Turinliklar hamyurtimizni mavsum oxirigacha bir million yevroga ijaraga so’rayapti. Keyin ular Eldorning natijalariga qarab, yozda uni 12 million yevroga to’liq transfer qilish huquqini qo’lga kiritmoqchi.

“Roma” sport direktori Tyagu Pinto yangi olinadigan futbolchilarga joy ochish maqsadida klubdan o’yinchi olmoqchi bo’lgan har qanday xaridorga transfer badal pulini to’liq to’lash yoki yozda to’lash majburiyatini olishni talab qilmoqda.

Eldorning o’zi A Seriya jamoalari orasida musobaqa jadvalining quyi qismidagi jamoalardan kelgan chorlovlarning birortasini qabul qilgani yo’q. Shomurodovga “Torino” varianti juda ma’qul kelgan va hamyurtimiz shaxsiy shartnoma bo’yicha kelishuvga erishgani xabar qilingan edi.

Hozircha, Italiya chempionatining yana bir jiddiy jamoasi – “Fiorentina” ham o’zbek hujumchisiga hamkorlik qilishga tayyor. Bu klubga ham “Torino” singari aniq talab qo’yiladi.

Bundan tashqari, Shomurodovga Ispaniyaning “Valyadolid” hamja Fransiyaning “Lill” klublaridan qiziqish bor. Fransiyaliklar to’lov masalasida “Roma” sport direktori talabini bajarishga tayyor.

“Lill” 13 million yevrolik taklif bildirgani haqida ma’lumotlar chiqa boshladi. Biroq, Italiya matbuoti Shomurodov A Seriyadan chetga chiqmoqchi emasligini ta’kidlamoqda. Hamyurtimiz xuddi shu vaj bilan yozda Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Fransiya va Angliyadan bo’lgan qiziqishlarni ham javobsiz qoldirgan edi.