Uch karra jahon chempioni Pelening salomatligi yaxshilanmoqda, deya xabar bermoqda Reuters agentligi San-Pauludagi Albert Eynshteyn kasalxonasi matbuot xizmatiga tayanib. Biroq 82 yoshli braziliyalik ambulator davolanish uchun qachon kasalxonadan chiqishi mumkinligi hozircha ma’lum emas.
«Bemorning tiklanish jarayoni davom etmoqda. U shifokorlar nazoratida qolmoqda, hushida va ahvoli yaxshi», — deyiladi xabarda.
Avvalroq, afsonaviy braziliyalik futbolchining tanasi kimyoterapiyaga javob bermayotgani va unga insonning so’nggi kunlaridagi og’riqni yengillashtirish uchun mo’ljallangan palliativ yordam ko’rsatilayotgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Braziliyalik sobiq futbolchining o’zi muxlislarni tinchlantirish uchun bayonot berdi. Shifokorlar uning ahvoli barqarorlashganini aytishdi.