Eronda taekvondo bo’yicha klublar o’rtasida Osiyo chempionati o’z yakuniga yetdi. Bugun erkaklar o’rtasida o’tkazilgan bahslarda terma jamoamiz vakillari 4 ta medal qo’lga kiritishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
«Tokio-2020» Olimpiadasi chempioni O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi QK xizmatchisi Ulug’bek Rashitov o’z vazn toifasida yana bir bor tengsiz ekanligini isbotlab, oltin medalga sazovor bo’ldi.
Shuningdek, barcha raqiblarini mag’lub etgan Shuhrat Salayev ham jamoa hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qilgan bo’lsa, Mudofaa vazirligining yana ikki vakili Nikita Rafalovich hamda Jasur Jaysunov bronza medallarini qo’lga kiritishdi.
Eslatib o’tamiz, kecha qizlar o’rtasida kechgan bahslarda Feruza Sodiqova (O’R MV SM) oltin, Charos Qayumova hamda Svetlana Osipova (O’R MV SM) bronza medaliga ega chiqishgan edi.
Shu tariqa, taekvondochilarimiz mazkur musobaqani 3 ta oltin va 4 ta bronza, jami 7 ta medal bilan yakunlashdi.