Shu yil 22-27-fevral kunlari Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo’yicha nufuzli «Stranja Cup» xalqaro turniri bo’lib o’tdi.
73-bor tashkil etilgan mazkur turnirda jahonning 37 mamlakatidan 370 nafardan ortiq erkak va ayol bokschilar ishtirok etishdi.
Musobaqa erkaklar o’rtasida 13 nafar, ayollar o’rtasida esa 12ta vazn toifasida tashkil etildi. O’zbekiston terma jamoasi mazkur turnirda 8 nafar erkak va 5 nafar ayol bokschi bilan qatnashib, yakunda 6 ta oltin va bitta bronza medalini qo’lga kiritdi.
Musobaqa yakuniga ko’ra, O’zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o’rinni egalladi. Rossiya terma jamoasi esa 5ta oltin bilan ikkinchi o’rindan joy oldi. Kuchli uchlikka 4 ta oltin medal bilan Qozog’iston ham kirdi. Yon qo’shnilarimiz erkaklar va ayollar o’rtasidagi musobaqalarda 2 tadan oltin medalga ega chiqishdi.
Kecha terma jamoamiz tarkibidagi eng og’ir vaznli bokschimiz, +92 kg vazn toifasida ringga chiqqan Lazizbek Mullajonov ham oltin medalga sazovor bo’ldi.
Terma jamoamiz safida sovrindor bo’lgan bokschilarimiz:
Oltin medal:
-51 kg: Hasanboy Do’smatov,
-57 kg: Abdumalik Xalakov,
-63,5 kg: Mujibillo Tursunov,
-80 kg: Odiljon Aslonov,
-92 kg: Madiyar Saidrahimov,
+92 kg: Lazizbek Mullajonov,
Bronza medal:
-52 kg: Tursunoy Rahimova
O’zbekiston terma jamoasi a’zolari bugun tunda, ya’ni 28 fevraldan 1 martga o’tar kechasi soat 02:00da yurtimizga qaytib kelishadi.