Veyk-an-Zee shahrida o’tayotgan turnirning «Masters» guruhida o’zbekistonlik xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Arjun Erigaisini qora donalarda mag’lub etishga erishdi. Ushbu g’alaba orqali Nodirbek ochkolari sonini 5,5 taga yetkazib, guruhda yakka peshqadamga aylanib oldi.
Abdusattorov turnir davomida vengriyalik Rixard Rapport, eronlik Parham Maqsudluni mag’lub etib, amerikalik Fabiano Karuana va hindistonlik Dommarju Gukesh bilan durang o’ynagan edi. Ikki kun avval esa Magnus Karlsen ustidan muhim g’alabaga erishgan, kuni kecha hindistonlik Rameshbabu Pragnanandaa bilan durang qayd etgandi.
Bugun Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Levon Aronyan bilan kuch sinashadi.
«Masters» guruhida yana 6 ta tur o’tkaziladi. Turnir 29 yanvargacha davom etadi.
O’zbekistonlik yana bir xalqaro grossmeyster Javohir Sindorov esa «Challengers» guruhida g’oliblik uchun kurash olib boryapti. U 7-turda niderlandiyalik Elin Roebersga qarshi uchrashuvni oq donalarda o’tkazib, g’alabaga erishdi.
Bugun u turnirdagi juda muhim o’yinni o’tkazadi. U qora donalarda 3-o’rinda borayotgan turk grossmeysteri Mustafo Yilmazga qarshi dona suradi.