Neymar «PSJ»ni tark etmoqchi

«PSJ» hujumchisi Neymar va himoyachi Serxio Ramos jamoani tark etishni xohlamoqda, deya xabar qilmoqda AS.

Futbolchilarga muxlislarning Parij klubiga bo’lgan munosabati yoqmayapti. Neymar «Bordo»ga qarshi o’yindan (3:0) so’ng jamoadan ketish haqida jiddiy o’ylab qolgan. Uchrashuv davomida muxlislar braziliyalik futbolchini haqoratlagan va unga nisbatan hushtakbozlik uyushtirgan.

Undan tashqari, agarda yaxshi taklif bo’lsa, klub uni ushlab o’tirmasligi haqidagi xabar ham Neymarning ketish qaroriga ta’sir qilishi mumkin. Ammo potensial xaridorlarni braziliyalikning yuqori maoshi xavotirga solmoqda.

O’z navbatida Serxio Ramos ham klubni tark etishni xohlamoqda. Ispaniyalik himoyachi nafaqat «Bordo»ga qarshi o’yinda muxlislarning tajovuzkor munosabatidan, balki jamoa sport direktori Leonardoning Ramos bilan shartnoma imzolash xato bo’lganiga sha’ma qilganidan norozi bo’lgan.

Lionel Messi esa jamoani tark etmoqchi emas. Argentinalik «PSJ» bilan 2 yillik shartnoma imzolagan va boshqa klublar sport va moliyaviy sharoitlarga mos ravishda takliflar bermaganini inobatga olib, Parij klubida qolishni maqsad qilgan.

Avvalroq Lionel Messining otasi «Barselona» rahbariyati bilan aloqaga chiqqani, o’g’lining ortga qaytish ehtimolini muhokama qilgani haqida xabar berilgandi. Neymar esa «Real»ga qarshi o’yindan so’ng Donnarumma bilan janjallashib ketgani, ammo braziliyalikning o’zi bu xabarlarni rad etgani xabar qilingandi.

Parijliklar Fransiya chempionatida 65 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda va eng yaqin ta’qibchisini 15 ochkoga ortda qoldirmoqda.