Murodjon Ahmadaliyev kelasi yildagi rejalari bilan o’toqlashdi.
Xabaringiz bor, kuni kecha boks bo’yicha kattalar o’rtasidagi respublika chempionatining final bahslari bo’lib o’tdi. Sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimida prof bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev ham ishtirok etdi. Biz fursatdan foydalanib Ahmadaliyevni suhbatga tortdik. Bokschimiz kelasi yilgi rejalar, 17 dekabrdagi boks oqshomi va albatta O’zbekiston chempionatidagi raqobat haqida o’z fikrlarini bildirdi.
«Bu yil men uchun unumli yil bo’ldi. Kamarlarimni himoya qilib yana super chempionlik kamarini qo’lga kiritdim. Bundan juda xursandam. Bularning barchasi uchun Allohga shukr qilaman. 2022 yilda nechta jang o’tkazmoqchiman? Keyingi yildagi asosiy maqsadim – 4 ta kamarni birlashtirish. Janglar soniga keladigan bo’lsak, buni biroz vaqt o’tganidan keyin bilib olamiz.
17 dekbar kuni muxlislar uchun ajoyib boks oqshomi bo’lib o’tadi. Chunki, O’zbekistonning eng kuchli bokschilari ringga chiqadi. Ularning imkoniyatini yuqori baholayman. Odam qilgan ishni odam qila oladi. Shuncha mehnat qilishdi, endi buni ringdagi harakatlari bilan ko’rsatishlari kerak.
Mendan keyin qaysi bokschi chempionlik kamarini qo’lga kiritadi? Hozircha, Isroil Madrimov va Bektemir Meliqo’ziyev jahon chempionlik kamarlariga intilyapti va juda yaqin turibdi.
O’zbekiston chempionatidagi raqobat haqida gapiradigan bo’lsak, o’zbek boksi avvaldan kuchli bo’lib kelgan. Janglarni ko’rdingiz, jahon chempionati sovridorlari, Olimpiada ishtirokchilari ham yengilyapti. Chempionat darajasini shundan ham bilish mumkin. Bizning ortimizdan yangi Olimpiada chempionlari yetishib chiqib bayrog’imizni ko’tarsa, bundan ham xursand bo’lamiz. Biz yosh ukalarimizga qo’limizdan kelganicha yordam berishga tayyormiz. Bugun shohsupaga ko’tarilgan barcha bokschilarimizni tabriklayman», – dedi MJ KAKA Ahmadaliyev.