Bugun «Lokomotiv» PFK rahbariyati va murabbiylar shtabi o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.
Yig’ilishda jamoamizning Superliga va O’zbekiston Kubogidagi ishtiroki muhokama qilinib, keyingi yil uchun rejalar belgilab olindi.
Uchrashuv chog’ida klub rahbariyati yangi mavsumdan asosiy jamoani yosh iqtidorli mutaxassis Denis Korostichenko boshqarishini ma’lum qildi. Xabaringiz bor, portugaliyalik murabbiy Mikael Sekeyra «Lokomotiv»ni tark etganidan so’ng, 27 noyabr kuni Qarshida «Nasaf» bilan kechgan bahsda «temiryo’lchilar»ni Denis Korostichenko boshqarib, mavsumning oxirgi o’yinida jamoamiz 3:1 hisobida zafar quchdi.
Ma’lumot uchun, Denis Vladimirovich Korostichenko 1986 yil 11 iyulda Toshkent shahrida tug’ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2014 yil O’zbekiston Davlat Jismoniy-tarbiya institutini tamomlagan. Katta futboldagi faoliyatini «Oqtepa» safida o’tkazgan. Murabbiylik faoliyatini esa 2005 yilda boshlab, dastlab Toshkent shahridagi BO’SM-17da bolalar murabbiy bo’lib ishlagan. 2010-2018 yillari «Bunyodkor» akademiyasida faoliyat yuritgan Korostichenko 2019 yildan beri «Lokomotiv» PFKda ishlab kelyapti.