16 dekabr kuni Toshkent shahri mezbonligidagi og’ir atletika bo’yicha jahon chempionatida -109 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar o’rtasida bellashuvlar bo’lib o’tdi.
Bugungi bahslarda O’zbekiston nomidan so’nggi ikki Olimpiadaning chempion va rekordchilari Ruslan Nuriddinov hamda Akbar Jo’rayev ishtirok etdi.
Dast ko’tarish bo’yicha Ruslan Nuriddinov uchta urinishdan bittasini ko’tarishga muvaffaq bo’ldi va 185 kg bilan jahon chempionatining kichik bronza medalini qo’lga kiritdi. Tokio Olimpiadasi chempioni Akbar Jo’rayev uchala urinishni ham muvaffaqiyatli yakunlab, 195 kg natija bilan birinchi o’rinni egalladi. Kumush medal esa Jo’rayevga Tokio Olimpiadasida oltin medal uchun raqiblik qilgan armanistonlik Simon Martirosyanga nasib etdi – u 188 kg natija qayd etdi.
Dast ko’tarish bo’yicha eng yaxshi natija egalari:
Siltab ko’tarish bo’yicha ham jahon chempionatining kichik oltin medalini Akbar Jo’rayev o’ziniki qildi. U 226, 232, 236 kg toshni ko’tardi. Ruslan Nuriddinov esa uchta urinishdan ikkitasini ko’tara oldi (227 , 236 kg) va ikkinchi bo’ldi – uning jahon rekordini yangilash uchun 242 kg toshni ko’tarishga urinishi muvaffaqiyatsiz chiqdi (jahon rekordini Nuriddinovning o’zi 2021 yil aprelida Toshkentdagi Osiyo chempionatida o’rnatgan – 241 kg). Uchinchi o’rinni Simon Martirosyan band etdi (228 kg).
Siltab ko’tarish bo’yicha eng yaxshi natija egalari:
Ikkikurash bo’yicha Akbar Jo’rayev jami 433 kg natija qayd etib, oltin medalga ega chiqdi. Ruslan Nuriddinov 421 kg natija bilan kumush medal sohibiga aylandi, Simon Martirosyan 416 kg natija bilan bronza medalini qo’lga kiritdi.
Ikkikurash natijalari:
Shu tariqa, Akbar Jo’rayev uch yo’nalishda ham oltin medalga ega chiqdi. U Tokio Olimpiadasida jami 430 kg (193+237) tosh ko’tarib, oltin medalga sazovor bo’lgandi.
Go Sport’ning qayd etishicha, Akbar Jo’rayev mustaqil O’zbekiston tarixida birinchi bo’lib bir taqvim yilida ham Olimpiada, ham jahon chempionati oltin medalini qo’lga kiritgan ilk sportchiga aylandi. Bu esa tarixiy rekord hisoblanadi.
tribuna.uz