Mourino nolishni boshladi. Rim missiyasi erta tugaydimi?

Rimning «Roma» klubi katta umidlar bilan Joze Mourinoni bosh murabbiy etib tayinlagandi. Boshlanishiga katta klublar uchun ham chaqilmas yong’oqdek ko’ringan «Roma» asta-sekin oqsay boshladi. Himoyadagi kamchiliklar jamoaning g’alabasiz seriyasini cho’zib yubordi. Odatda ikkinchi yoki uchinchi mavsumda noroziligini ko’rsatadigan Joze Mourino esa allaqachon nolishni boshlab yubordi. Xo’sh, Jozening Rim missiyasi kutilganidan avvalroq yakunlanadimi?

Joze hamon «eski konspekti» bilan yuribdi

Joze Mourino zamonaviy futbolning eng yaxshi murabbiylaridan biri. «Portu» bilan sensatsiya ko’rsatib, asosiy yevrokubokni qo’lga kiritishi, «Chelsi»ga yarim asr o’tib Angliya chempionligini qaytarishi, «Inter» bilan go’yoki yengilmas bo’lgan «Barsa»ni to’xtatib, YeChLda g’olib bo’lishi, «Real»ga uzoq yillar kutilgan qirol kubogini olib berib, jamoani La Liga taxtiga qaytarishi, yetmaganiga YeChLdagi chorakfinal «tavqi la’nati»dan o’tishi, «MYu» bilan sovrinli het-trik qayd etishi Mourino jahon futbolida o’z o’rniga ega ekanini ko’rsatib turibdi.

Ammo Mourino endi oldingi darajasida emasligi yana bir bor ko’rinib qoldi. U milliy chempionatlardagi chempionlikka so’nggi bor 2015 yilda erishgan. «Chelsi» bilan Angliya chempioni bo’lgan murabbiy shundan keyin «MYu» va «Tottenhem» bilan APLda g’olib chiqa olmadi. Uning faoliyati ortga qarab ketayotganini ko’rsatkichlar ham aytib turibdi. Murabbiy faoliyati davomidagi jami o’yinlarning 63 foizida g’alaba qozongan. So’nggi uch jamoasida bu ko’rsatkich mos ravishda 51 foiz («Tottenhem»), 58 foiz («MYu») va yana 58 foizni («Chelsi»ga ikkinchi tashrif) tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, Mourinoning eng yuqori ko’rsatkichi (71 foiz) «Portu» va «Real»da qayd etilgan. «Roma»da murabbiy hozircha faqat 51 foiz o’yinlarni yutmoqda. Ya’ni 2015 yildan buyon murabbiy o’zining o’rtacha ko’rsatkichidan past g’alabali foizni qayd etmoqda.

Mourino nolishni boshladi. Rim missiyasi erta tugaydimi?

«Roma» nega Mourinoni tanlagandi?

Rim klubi natijalari yomon bo’lib ketayotgan bir vaqtda jiddiy tavakkalchilikka qo’l urdi va Mourinoni olib keldi. Ha, oxirgi jamoalarida faqat noligani bilan yodda qolgan murabbiyni faqat A Seriyada bir vaqtlar yaxshi ishlaganiga ishonib olib kelish tavakkaldan boshqa narsa emasdi. Bir tomonda klub, ikkinchi tomonda Mourino faoliyatida pasayish kuzatilayotgan bir vaqtda ular topishdi, ham klubda, ham murabbiyda umid paydo bo’ldi, kelajakka bo’lgan yaxshigina umid. Ya’ni «Roma» va Mourino bir-biriga boshqa qaerdandir topish dargumon bo’lgan motivatsiyani berishdi.

Shu jihatdan, «Roma»ning tanlovini olqishlash mumkin. Axir Mourino «Inter» bilan chindan A Seriyada zo’r ishtirok etgan: ketma-ket ikki skudetto, bittadan kubok va superkubok hamda uzoq kutilgan YeChL g’olibligi. Ammo hozirgi «Roma» va o’shandagi «Inter»ni solishtirish kamida mantiqsizlik bo’ladi. Boshqa tomondan, Rim klubi Mourinodan YeChL yoki A Seriyani yutishni so’ramayapti. Ular faqat to’rtlikka kirishni va kurashuvchan jamoa qurishni istamoqda. «Yuventus» inqirozda bo’lgan, «bezori» «Atalanta» eng zo’rlardan deb qaralayotgan, «Inter» va «Milan» tushunarsiz holatda bo’lgan va «Napoli» noma’lum muddat yetakchi bo’lib turgan hozirgi turg’unlik holatida Italiya chempionatida to’rtlikka kirish imkonsiz ish emas.

«Roma» yozda tarkibni imkon qadar kuchaytirdi. Angliya milliy jamoasi hujumchisi Temmi Abraham hozir nafaqat O’zbekistonda, balki Yevropada eng ko’p muhokama qilinayotgan hujumchilardan biri, Eldor Shomurodov ham Mourinoning istagi bilan yaxshigina pulga sotib olindi. Shuningdek, Rui Patrisio transferi ham aynan murabbiy tanlovi. Florensi, Pedro, Jeko kabi futbolchilar ketdi, katta ehtimol bilan ularning jamoadan ketishiga Mourino qarshi bo’lmagan. Pedro «Roma»ga urgan golini juda ehtiros bilan nishonlaganiga qaraganda, Mourino uning ketishiga nafaqat qarshilik qilmagan, balki buni xohlagan ham.

Mourino nolishni boshladi. Rim missiyasi erta tugaydimi?

Tarkib noligulikmi?

Hozir «Roma»ning oldiga A Seriyada to’rtlikka kirish vazifasi qo’yilgani inobatga olinsa, har qanday murabbiy hozirgi tarkib bilan kamida nolimagan bo’lardi. Hujum chizig’ini gapirmasa ham bo’ladi. To’g’ri, «Roma»da qit’aning eng zo’r hujumchilari yig’ilmagan, lekin chiziqda raqobat yetarli darajada kuchli bo’lgani uchun murabbiyning o’zi ham kimni o’ynatishni bilmay qolyapti. Jamoa sardori Pelegrini hozir Italiya futbolining eng yaxshilaridan biri, u milliy jamoa safida gol urishga ham ulgurdi. Markazda Kristante, Veretu kabi milliy jamoasida ham o’ynaydigan futbolchilar bor. Himoya ham yomon emas: Manchini, Smolling, Ibanes, Karsdorp, Vinya kabi futbolchilar kamida «Roma»ning oldiga qo’yilgan vazifani bajarish uchun yetarli. Jarohatini tiklayotgan Yevro-2020 qahramonlaridan biri Spinasola ham «Roma» futbolchisi ekanini unutmaslik kerak.

Murabbiyga mana shu gaplarni aytsangiz, katta ehtimol bu futbolchilarni almashtiradigan o’rinbosarlar yo’qligini iddao qiladi. Lekin ikkita bir xil kuchga ega tarkib hozir hatto «PSJ»da yo’q.

Mourino muvaffaqiyatsizlikda aybni ko’proq o’zidan izlaganda, hozirgi kabi muammolar girdobida qolib ketmagan bo’lardi. «Venetsiya»ga qarshi oxirgi o’yinda Shomurodov va Abrahamning bir vaqtda maydonga tushishi «Roma» hujumi uchun eng yaxshi variant ekani ko’rindi. Abraham hujumni yakunlash bo’yicha A Seriyada eng yaxshilardan biri ekani rost, ammo u pressing va jamoaviy himoyalanishda Shomurodov kabi samarali emas. Ya’ni Abraham «qora ishlar»ga yaraydigan darajada mehnatkash emas. Shomurodov va Abraham bir-birini to’ldirib o’ynashi aynan oxirgi o’yida yaqqol ko’rindi. Mourino Al Sha’roviy, Mxitaryan va Dzanolo kabi hujumkor futbolchilardan ham qoyillatib foydalanayotgani yo’q. Har holda hozircha.

Mourino «Roma»ni o’z maydonida 6:1 hisobida mag’lub etgan Norvegiyaning kamtargina «Bude-Glimt» jamoasi bilan Rimdagi javob o’yinida revansh kayfiyatida maydonga tushdi, ammo bu gal hisob 2:2 bo’ldi. Murabbiy shu oddiy jamoani mag’lub eta olmagach ham bahona topa oldi: «Ular ikkita zarba yo’llab, ikkita gol urishdi, biz ham ikkita gol urdik, ammo yana ikkita penalti tepishimiz kerak edi». Norvegiya klubi bilan durangda hakamlarni ayblaydigan darajaga keldimi, demak Jozening ishlari chindan yaxshi emas.

1:6 hisobida boy berilgan o’yinda esa Joze futbolchilarni ayblagandi: «Bugun raqib bizdan ko’ra sifatliroq jamoa ekanini ko’rsatdi. Ularning tarkibidagi futbolchilar bugun men maydonga tushirgan futbolchilardan ko’ra yaxshiroq ekani ko’rindi. «Roma»ning ikki tarkibi o’rtasida sezilarli daradaja katta farq bor. Bugun ba’zi futbolchilarga o’ynash imkonini berdim va yana o’yin bo’lsa, shunday qilgan bo’lardim. Bu esa mening xatom bo’ldi».

«Latsio» va «Yuventus»ga qarshi o’yinlardagi mag’lubiyatlarda Joze hakamlarni aybladi. Turindagi o’yinda murabbiy hakamlarni ayblashga haqli edi. Chunki hakam Abrahamning golini bekor qilib, biroz oldin amalga oshirilgan qo’pollik uchun «Yuventus» darvozasiga penalti belgiladi. Penaltini esa Jordan Veretu golga aylantira olmadi. Oxir-oqibat turinliklar 1:0 hisobida g’alaba qozonishdi. «Latsio» bilan o’yindan keyin esa Mourino raqib futbolchisi Lukas Leyva maydondan chetlatilishi kerak bo’lganini aytdi. U Pellegrini boshqa bir o’yinda xuddi shu harakati uchun qizil kartochka olganini eslatdi.

Xullas, Joze juda ko’p nolimoqda. Bir guruh muxlislar uni ikki mavsum yaxshi ishlab, uchinchi mavsumda mojaro chiqarib, katta kompensatsiya olib ketadigan murabbiy deyishadi. Albatta, bunga isbot yo’q, lekin murabbiy aksar jamoalarida uchinchi mavsum xuddi hozir «Roma»da bo’lgani kabi noliy boshlashi, keyin katta tovon pulini xurjuniga solib ketgani rost. U faqat «Portu» va «Inter»dan rozi-rizochilik bilan, hatto klubga katta moliyaviy foyda keltirib ketgan. Qolgan jamoalardan esa qo’pol qilib aytganda haydalgan.

Mourinoning faoliyatini uzoq yillardan buyon diqqat bilan kuzatib kelayotgan ko’pchilik muxlislar «Roma»da uning ishlari yurishib ketishini istagandi. Chunki dunyo futbolida top futbolchilar, top murabbiylar qanchalik yaxshi holatda bo’lsa, futbolning o’zi shunchalik tomoshabop bo’ladi. «Roma» ham, Mourino ham anchadan buyon «katta davralarda ot chopmayapti» va ularning qaytishini nafaqat rimlik muxlislar, balki murabbiyning dunyodagi millionlab personal muxlislari ham istaydi. Buning uchun esa avvalo murabbiy nimalarnidir o’zgartirish haqida o’ylashi, rahbariyat bilan kelishib, tarkibni o’zi aytayotgani kabi kuchaytirib olishi kerak. Aks holda, to’g’ri kelgan odamni ayblash bilan natijalar faqat yomonlashib ketaveradi.

Shomurodov uchun eng to’g’ri yo’l qaysi?

Mourinoni uzoq yillardan buyon kuzatib kelamiz, ammo hozir u o’zbekistonlik muxlislar uchun har qachongidan muhimroq figura. Chunki Eldor Shomurodov uning qo’li ostida o’ynamoqda. Eldor kuchli beshlikda doimiy o’ynay boshlaganining o’zi o’zbek futboli uchun katta voqelik. Uning Mourino jamoasida harakat qilayotgani esa alohida tarix. O’zbek futbolchilarni top murabbiylar maqtaganini ko’rganmiz, ammo kimsan Mourino darajasidagi murabbiy o’zbek futbolchisiga ustozlik qilganini faqat orzu qilardik. Taqdir taqozosi bilan Special one endi o’zbekistonlik futbolchiga ko’rsatma beryapti.

Shu sabab Mourino atrofidagi voqealar o’zbek muxlislari uchun ham qiziq. Ularning ba’zilari Eldor jamoadan ketishi kerakligi, Mourinoda inqiroz boshlangani haqida fikrlar bildirishmoqda. Birinchidan, portugaliyalik murabbiy chindan Shomurodovga yetarlicha o’yin amaliyoti bermayapti. Hujumchi esa «Venetsiya»ga qarshi o’yinda bu xato ekanini isbotladi. Ikkinchidan, o’zbekistonlik muxlislar Shomurodov murabbiyning injiqligi sabab inqiroz holatiga tushib qolgan jamoada o’ynashini istamaydi.

Ammo xulosa qilishga hali erta. Mourino har qanaqasiga kuchli murabbiylar qatorida qolaveradi. Bundan tashqari, Eldorning o’zi «Roma»dan ketish haqida o’ylamayotganini aytdi. Mavsumni yaxshi boshlagan klub qiyin kunlarni boshdan kechirayotgan bo’lsa-da, hali kurashga qaytish uchun kech bo’lgani yo’q. Mourino ham katta g’alabalarni, shuhratni sog’inib qolgan, unda ham qachongacha urush chiqarib, pul ishlash bilangina og’izga tushaman, ishlash vaqti keldi degan xayol bo’lsa kerak. Hozir asosiysi murabbiy eng jiddiy kamchiligi – uzoq mavsumga jamoani to’g’ri tayyorlashni amallay olsa, natijalari ham yaxshilanishi mumkin. Alohida bir o’yinda har qanday raqibga qarshi jamoasini zo’r tayyorlay oladigan Mourino uchun esa bu amallab bo’lmas missiya emas.

Shomurodov uchun hozir «Roma»da qolish eng to’g’ri variant va futbolchi shunday qilmoqchi ham. O’zbek futbolida tarix yaratib «Roma»da o’ynayotgan Eldor o’z an’analariga ega «Roma»day katta jamoada o’ynash uchun yetarlicha mehnat qildi, keragidan ham uzoqroq murakkab yo’lni bosib o’tdi. Endigi missiya top klubda tomir otish, «Roma» buning uchun juda zo’r variant. Axir uni muxlislar allaqachon yaxshi ko’rib qolgan. Isbot quyidagi suratda…

Mourino nolishni boshladi. Rim missiyasi erta tugaydimi?

kun.uz