«Manchester Yunayted»ga yangi murabbiy tayinlandi. Bu rolni egallagan Erik ten Xag o’z g’oyalari asosida jamoani qayta qurishi lozim. Ushbu yo’lda esa har qanday to’siq yengib o’tilishi kerak. Ten Xagning gapi gap bo’lishi shart. Endilikda, u o’z so’zini Ronalduga ham o’tkaza boshladi. Buni «Rayo Valyekano»ga qarshi o’rtoqlik o’yinida ham guvohi bo’ldik. Bu ham yetmaganidek, endi portugaliyalik yulduz yangi mavsumni zaxirada o’tkazadigan ko’rinadi. Qarorni esa Erik ten Xag qabul qilmoqda. Ronalduning klubdagi kelajagi so’roq ostida turgan bir paytda, bu qaror «o’lganni ustiga tepgan»dek bo’ldi. Balki futbolchining o’zi buni jiddiy qabul qilmas. Agarda jiddiy qabul qilsa, Ronalduni ortiq «MYu»da ko’rmaymiz.
37 yoshli yulduz «Manchester Yunayted»ning mavsumoldi o’yinlari uchun Tailandning Bangkok shahriga va Avstraliyaga qilgan safarini o’tkazib yuborgan edi. Bunga sabab qilib oilaviy muammolar borligi keltiriladi. «Rayo Valyekano» bilan o’yinda atigi 45 daqiqadan keyin almashtirilgan hujumchi, endi asosiy tarkibga ham kiritilmaslik xavfi ostida qolmoqda. Kelayotgan yakshanba kuni «MYu» o’z uyida «Brayton»ni qabul qiladi. Unda ten Xag hujumda mavsumoldi o’yinlarida o’zini ko’rsata olgan Sancho, Reshford hamda Marsyal triosidan foydalanishni niyat qilgan.
Bu esa Ronalduni zaxirada qolishini anglatadi. Aslini olganda bunday voqea Ronaldu bilan ilk bor sodir bo’layotgani yo’q. U mart oyida Ralf Rangnik qo’l-ostida ham shunday ahvolga solingan. O’shanda «Manchester Siti» bilan derbi bahsida Ronaldu zaxirada qoldiriladi. O’yin esa keyinchalik 4-1 hisobida «qizil iblislar» mag’lubiyati bilan tugaydi. Shundan keyin jahli chiqqan Ronaldu, jarohat olgandek bo’ladi va davolanish uchun Portugaliyaga yo’l oladi.
O’tgan yakshanba kuni Ronaldu o’yinning yarmida zaxiraga olingandi. Bundan jahli chiqqan yulduz, «Old Trafford»ni o’yin tugamasdan tark etgan. Unga, o’sha o’yin uchun qaydnomaga kiritilmagan jamoadoshi Diogu Dalot hamrohlik qiladi. Aslini olganda, shu yoz davomida Ronaldu bir necha marta jamoadan ketish istagi bor ekaniga ishora qildi. U atigi 12 oydan keyin «MYu»da o’ynash ishtiyoqini yo’qotgani qiziq, albatta.
Bunga bir tomondan klubning YeChLsiz qolgani sabab bo’lsa, ikkinchi tomondan ten Xag rejalari Ronalduga imkon bermasligi ta’sir qilmoqda. Shunga qaramay, «MYu» rahbariyati Ronalduni sotishni istamayapti. Klub, hatto unga narx belgilashni ham inkor qilmoqda.
Krishtianu Ronalduning amaldagi bitimi 2023 yilda yakun topadi. Unda yana bir yilga bitimni cho’zdirish huquqi mavjud. Ammo bugungi bo’layotgan voqealardan keyin, super-yulduz 2023 yilga qadar ham klubda qolishi qiyin masalaga aylanib qolmoqda.
Ronalduning agenti Xorxe Mendesh allaqachon yangi jamoa qidirish ishlari bilan band. Uning «MYu»dan futbolchini qo’yib yuborishni so’raganligi aytiladi. Bu masala hafta yakuniga qadar, mavsum boshlangunicha hal bo’lishi kerak. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.