Xabar berganimizdek, o’tgan haftada BAAning Dubay shahrida karate WKF bo’yicha kattalar o’rtasida jahon chempionati bahslari bo’lib o’tdi. Unda dunyoning besh qit’asidagi 104ta davlatdan jami ming nafarga yaqin sportchi g’oliblik uchun bahs olib borishdi.

Quvonarlisi, ushbu jahon chempionatida vakillarimiz mustaqil O’zbekiston tarixida ilk marotaba sovrindorlar safidan joy oldi. Erkaklar o’rtasida -75 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan milliy terma jamoamiz a’zosi, sport yakkakurashlari bo’yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi sportchisi Dostonbek Otabolayev finalda AQShlik Tomas Skott ustidan ishonchli g’alabaga erishdi va O’zbekistonga tarixiy oltin medalni taqdim etdi.

Shuningdek, musobaqada vakillarimiz beshta yo’nalishda bronza medallari uchun da’vogarlik qilishgani ham mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir. Ayniqsa, erkaklar o’rtasida jamoaviy kumite bahslarida sportchilarimizning yarim finalgacha yetib borishgani tahsinga loyiq.

Bugun tunda karate WKF bo’yicha kattalar o’rtasidagi jahon chempionati qahramonlari yurtimizga qaytib kelishdi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida karate bo’yicha milliy terma jamoamiz a’zolarini Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo’mitasi, O’zbekiston karate milliy federatsiyasi hamda sportchilarning oila a’zolari kutib olishdi.

Marosimda so’zga chiqqan Sport yakkakurashlari bo’yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Bahodir Mamatnazarov karatechilarimizni ushbu olamshumul g’alaba bilan samimiy qutlagan holda tez orada jahon chempionati qahramonlari alohida taqdirlanishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot berdi.

– Jahon chempionatiga jo’nab ketish oldidan o’z oldimga faqat g’alaba bilan qaytishni, O’zbekistonga oltin medal tuhfa etishni maqsad qilgan edim. Odatda ko’plab sport turlari bo’yicha Olimpiya o’yinlaridan keyin o’tkaziladigan nufuzli musobaqalarda ishtirokchilar tarkibi biroz kuchsizroq bo’ladi, bir qator yetakchilar Olimpiadadan keyin dam olishni ma’qul ko’rishadi. Ammo, Dubayda o’tkazilgan jahon chempionati ishtirokchilari tarkibi ancha kuchli edi. Shunga qaramay jahon chempionati finalida jang qilar ekanman, ortimda Prezidentim, ota-onam, xalqim turganligini bir zumga bo’lsa-da unutmagan holda astoydil harakat qildim va maqsadimga erishdim. Umid qilamanki, bu yutuqlarimizning boshlanishi va iste’dodli yoshlar bilan biz yanada ulkan g’alabalarga erishamiz, – dedi jahon chempionatining oltin medali sohibi Dostonbek Otabolayev.

Ta’kidlash lozim, jahon chempionatida O’zbekiston terma jamoasi bitta oltin medal bilan umumjamoa hisobida 8-o’rinni egallashdi.

Minsportuz