FIFAning navbatdagi reyting jadvali 6 aprel kuni e’lon qilinadi. Ammo mart oyidagi o’rtoqlik va rasmiy uchrashuvlar o’tkazib bo’lingani uchun hozirdanoq yangi reyting borasida xulosa qilish mumkin.
O’zbekiston terma jamoasi KONMEBOLning ikki jamoasi bilan o’rtoqlik uchrashuvini o’tkazib, Boliviyani mag’lub etgan bo’lsa, Venesuela bilan durang o’ynadi. Natijada hisobimizga 5,72 ball qo’shildi va ochkolarimiz 1318,36 ga yetdi.
Buning oqibatida terma jamoamiz 3 pog’ona yuqoriga ko’tarilib, 77-o’rindan 74-pog’onaga chiqib oldi. Ushbu sakrash tufayli Salvador, Bolgariya va Isroilni quvib o’tdik.
Qit’a miqyosida esa Yaponiya (20-o’rin), Eron (24), Janubiy Koreya (27), Avstraliya (34), Saudiya Arabistoni (54), Qatar (61), Iroq (67), BAA (72) va Ummon (73)dan so’ng 10-qatorda bo’lamiz (shuning uchun Osiyo kubogi-2023 uchun tashlanadigan qur’ada 2-savatchada bo’lamiz).
Jahon chempioni Argentina FIFA reytingida peshqadamga aylanadi. Fransiya esa 2-o’ringa chiqib oldi. Shu paytgacha peshqadam bo’lib turgan Braziliya 3-o’ringa tushdi.