O’zbekiston terma jamoasi va «Roma» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov bugungi mashg’ulotlardan oldin intervyu berdi.
– Bo’lajak raqib Gruziya haqida nima deya olasiz?
– Gruziya Yevropa qit’asi jamoasi hisoblanadi. Shu bois kuchli raqiblardan biri, yaxshi futbolchilarga ega. Biz uchun juda ham foydali o’yinlardan biri bo’ladi.
– Faoliyatizda golsiz seriyalar bo’lgan, so’nggi turda «Roma» safida gol urdingiz. Bu endi golli seriya boshlanishiga sabab bo’ladi deb o’ylaysizmi?
– Hammasi yaratgandan. Har doim gol urish uchun maydonga tushganman. Bundan buyog’iga ham harakat qilaman.
– Srechko Katanes haqida qanday fikrdasiz?
– Barchasi joyida. Yigitlar bilan ham tezda chiqishib ketdi. Mashg’ulotlari ham ancha qiziq.
– Iordaniyaga qarshi o’yin (0:3) muammolarimizni to’liq ochib berdi desak bo’ladimi?
– Bunday demagan bo’lardim, chunki u yerda futboldan tashqari ham muammolar ham bo’ldi. To’g’ri eng yaxshi o’yinlarimizni ko’rsata olmadik. Lekin kerakli xulosalar chiqardik. Gruziya bilan umuman boshqacha o’yin bo’ladi deb aniq ayta olaman.
– Terma jamoada ham, «Roma»da ham yevropalik murabbiy qo’l ostida ishlayapsiz. O’xshashlik va farqli tomonlari nimada?
– Har bir murabbiyning o’z uslubi bor, farqi bor katta. Lekin terma jamoada terma jamoa uchun, klubda klub uchun harakat qilamiz.