Toshkentda davom etayotgan boks bo’yicha 22 yoshgacha bo’lgan erkaklar va ayollar o’rtasida Osiyo chempionati bahslari qizg’in davom etmoqda. Musobaqaning bugungi, ya’ni 24-yanvar sanasiga belgilangan dasturida to’rt nafar bokschimiz ringga ko’tarildi va quvonarlisi, ularning barchasi g’alaba qozonishdi.
Jumladan, erkaklar o’rtasida -54 kg vazn toifasida Shahzod Muzaffarov malayziyalik Muhammad Imdadga qarshi ringga ko’tarildi va 5:0 hisobida g’alaba qozondi.
-57 kg vazn toifasida esa Abdulaziz Abdupattayev Qirg’iziston vakili Omurbek Daniyar uuluni 5:0 hisobida mag’lub etdi.
Ayollar o’rtasidagi bahslarda esa -50 kg vazn toifasida Sabina Boboqulova tojikistonlik tengdoshi Ruhafzo Haqnazarovaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Yakuniy natija 5:0, hamyurtimiz foydasiga.
-52 kg vazn toifasida Feruza Kazakova Mo’g’uliston terma jamoasi a’zosi Mungunsaran Balsan ustidan 4:1 hisobila zafar quchdi.
Ertaga, 25-yanvar kungi janglarda yana 8 nafar hamyurtimiz ringga tushadi. Janglar soat 16:00da boshlanadi.