Bo'ldi-yov, “Arsenal” ikkala qo'lini ko'tardi-yov!..

Yomon umidimiz katta edi. Bir xil jamoalarning APLda ham chempion bo’laverishi ancha-muncha jonimizga tekkandi. Ilgari, qachon qarama, jadvalning boshida “MYu” turardi g’o’dayib. Endi navbat ularning hamshaharlari “Man Siti”ga o’tgan. Ora-chora “Liverpul”mi, “Chelsi”mi ularning ketma-ketligini buzib turardi. Endi ularning ikkoviyam pastlab ketdi… Bu yil “Arsenal”dan umid qilib turgandik. Oxiriga kelib u ham bo’shashib, kuchdan qolib, o’tirib qoldi. Mana bugun u “Nyukasl”ga qarshi maydonga chiqadi. “Nyukasl” shunchaki sovg’a bo’ladigan jamoa emas. Ayniqsa, uni arablar sotib olganidan keyin rosa kuchayib ketdi. Tarkibiga qarasangiz, unaqa yarq etib ko’zga ko’rinadigan o’yinchini topolmaysiz. Biroq ular butun mavsum davomida bor-yo’g’i to’rt marta mag’lub bo’lishdi. Jadvalni boshqarib borayotgan “Man Siti” va shu paytgacha boshqarib kelgan “Arsenal” ham xuddi shunchadan yutqazgan… Endi ikkinchi va uchinchi o’rinda ketayotganlar bir-biri bilan to’qnash kelib turibdi. Agar “Arsenal” yutqazsa, “shaharliklar”ning chempion bo’lishi yanayam oydinlashadi…