XOQ 1904 yildan beri Olimpiya o’yinlaridan joy olgan boksni 2024 yildan boshlab o’yinlar dasturidan butunlay chiqarib tashlash bilan tahdid qilmoqda. Bunga rossiyalik Umar Kremlyov boshchiligidagi IBA tomonidan «Gazprom» bilan yangi homiylik shartnomasi imzolanishi sabab bo’lgan.
Qayd qilish joizki, XOQ va IBA o’rtasidagi uzoq yillik ziddiyatga qaramay, boksni Olimpiya maqomidan mahrum qilish bo’yicha real tahdidlar ilgari hech qachon bo’lmagan. To’g’ri, Tokio-2020 olimpiadasida IBA boks turnirini o’tkazishdan mahrum etildi. Uni XOQ tashkil qilgan edi. Bundan tashqari, 2028 yilda Los-Anjelesda bo’lib o’tadigan Olimpiada o’yinlarining vaqtinchalik dasturida boksning Olimpiya sport turi sifatidagi maqomi haligacha tasdiqlanmagan. Ammo 2024 yilga kelsak, XOQ boks musobaqalarini yana mustaqil ravishda o’tkazish niyatida edi. Boksni dasturdan chiqarib yuborish masalasi ko’rilmayotgan edi.
XOQ bayonotida Olimpiada rahbariyatini keskin choralar ko’rishga undaydigan bir qancha sabablar sanab o’tilgan. Eng muhimi – «Gazprom»ning IBA asosiy homiysiga aylangani.
XOQ Rossiya gaz giganti bilan kelishuvning uzaytirilishi «IBA Rossiya hukumati tomonidan nazorat qilinadigan kompaniyaga qaram bo’lib qolishda davom etishiga» olib keladi deb hisoblamoqda.
Shuningdek, IBA Sport arbitraj sudining (CAS) qarorini bajarishdan bosh tortishda ayblanmoqda. May oyida IBA prezidentligi saylovida Umar Kremlyov bilan raqobatlashishga uringan gollandiyalik Boris van der First saylovdan chetlatilgan edi. CAS bu qaror noqonuniy bo’lgan deb topdi va saylov qayta o’tkazilishini talab qildi. Ammo IBA kongressi ko’pchilik ovoz bilan yangi saylov o’tkazishga qarshi ovoz berdi va Kremlyovga katta ishonch bildirdi.
«XOQ so’nggi voqealar zamirida boksning 2024 yilgi Olimpiada dasturidan chiqarilishiga sabab bo’ladigan barcha holatlarni hisobga olishga majbur bo’ladi», — deyiladi XOQ bayonotida.
Hozirda XOQ va IBA o’rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish imkoniyati kam. Ikki hafta oldin, IBA kongressida Umar Kremlyov XOQ rahbariyatiga murojaat qilib, «Bizga shart qo’yishni bas qiling, bizga hayotni o’rgatmang», deb keskin javob qaytargan va tashkilotdan o’z ishiga aralashmaslikni talab qilgan edi.