Bahodir Jalolov navbatdagi jangda ham raqibini nokautga uchratdi

Bahodir Jalolov amerikalik bokschini 4-raundda nokautga uchratib, prof boksdagi 12-g’alabasini qo’lga kiritdi.

Bahodir Jalolov (12-0, 12 KO) professional boksdagi navbatdagi jangini o’tkazdi.

Kaliforniyaning Karson shahrida tashkillashtirilgan jangda unga amerikalik Kyortis Harper (14-9, 9 KO) raqib bo’ldi.

10 raund davom etishi belgilangan jangning uchinchi raundida Jalolov faollashdi va raund so’ngida raqibini nokdaun holatiga tushirdi.

To’rtinchi raundda ham Olimpiya chempioni hujumkorlikni davom ettirdi. Referi yana bir nokdaun holatidan keyin texnik nokaut qayd etib, jangni to’xtatdi.

Shu tariqa, o’zbekistonlik bokschi profi boksdagi g’alabali seriyasini 12 jangga yetkazdi. U barcha janglarida muddatidan oldin g’alaba qozongan.

Jalolov so’nggi jangini iyun oyida o’tkazib, unda belgiyalik Jek Mulovayni muddatidan avval mag’lub etgandi.