OFK kubogi yarimfinali doirasida «Nasaf» Qarshida Honkongning «Li Man» jamoasini qiyinchilik bilan mag’lub etib, finalga yo’llanma oldi.
«Markaziy» stadionda 10 mingdan ortiq tomoshabin qarshisida Ro’ziqul Berdiyev jamoasi dastlabki daqiqalardan hujumga o’tib, 4-daqiqadayoq o’yingoh tribunalari larzaga keldi. Burchakdan Suhrob Nurulloyev tomonidan yetkazilgan to’pni raqib futbolchisi Fernando Resio o’z darvozasiga kiritib qo’ydi – 1:0.
Ketma-ket hujumlar natijasida 26-daqiqada hisobdagi farq ikkitaga oshdi. Bu safar Oybek Bozorovning uzatmasini qaytarishda raqib posboni qo’pol xatoga yo’l qo’ydi va bundan Husayn Norchayev foydalanib, turnirdagi 7-golini kiritgan holda to’purarlar ro’yxatida peshqadam sifatida qoldi.
Ikkinchi bo’limni kutilmagan hujum bilan boshlagan mehmonlar 47-daqiqadagi dastlabki hujumni golga aylantirishdi. Braziliyalik forvard Jivanilton hisobdagi farqni qisqartirdi – 2:1.
65-daqiqaga kelib mehmonlarning navbatdagi qarshi hujumi penalti bilan yakunlandi. 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Xose Anxel hisobdagi farqni yo’qqa chiqardi – 2:2.
«Nasaf» 90+3-daqiqada g’alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo Eshmurodovning bosh bilan yo’llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
O’yinning asosiy vaqti jangovar durang bilan yakuniga yetgach, hakam jamoalarni qo’shimcha bo’limlarga taklif etdi. Qo’shib berilgan dastlabki 15 daqiqalik yakuniga yetayotganda Kaluderovich ajoyib zarbasi bilan stadionni larzaga keltirdi – 3:2.
Ushbu gol yakunda «Nasaf»ga OFK kubogi finali yo’llanmasini taqdim etdi. Qarshi klubi turnirdagi 2011 yilgi chempionligidan 10 yil o’tib, o’z tarixida ikkinchi marta OFK kubogida g’olib chiqish imkoniyatiga ega.
OFK kubogi. Yarimfinal.
«Nasaf» – «Li Man» (Hongkong) – 3:2
Qarshi, 9 890 tomoshabin.
Hakam: Moud Bonyadifard (Eron)
Gollar: Fernando Resio (o’z dar.) 4, Husayn Norchayev 26, Andriya Kaluderovich 105 – Jivanilton 47, Xose Anxel Martin 65 penalti.
«Nasaf»: 1.Umidjon Ergashev, 4.Husniddin Aliqulov (5.G’olib G’aybullayev, 57), 8.Dilshod Saitov (15.Jo’rabek Mannonov, 102), 10.Bahrom Abdurahimov (99.Andriya Kaluderovich, 78), 19.Husayn Norchayev (7.Doniyor Narzullayev, 107), 20.Suhrob Nurulloyev (50.Shohmalik Komilov, 103), 22.Akmal Mozgovoy, 34.Sherzod Nasrullayev, 77.Oybek Bozorov, 88.Marko Stanoyevich, 92.Umarbek Eshmurodov.
«Li Man» (Honkong): 88.Yuen Ho Chun, 2.Fernando Resio, 3.Sui Vang Kit, 5.Yu Vay Lim, 10.Jonatan Akosta, 13.Diego Eli Moreyra, 14.Xose Anxel Martin, 16.Ngan Lok Fung, 26.Vong Chun Ho, 91.Jivanilton Ferreyra Martins, 99.Kim Son Yong (11.Cheng Siu Kvan, 74).