Bugun Toshkentdagi «Humo Arena» saroyida dzyudo bo’yicha kattalar o’rtasidagi 35-jahon chempionati start oldi.
O’zbekiston ilk bor dzyudo bo’yicha kattalar o’rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda, deya xabar bermoqda Artel’ matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, mazkur kompaniya ham homiylik qilayotgan va umumiy mukofot jamg’armasi 1 mln yevroni tashkil qiluvchi XXXV jahon chempionatida dunyoning 87 davlatidan jami 584 nafar dzyudochi kurash olib boradi. Ular jami 14 ta vazn toifasida medallar hamda Parij-2024 Olimpiadasining qimmatli reyting ochkolari uchun tatamiga chiqishadi.
Quvonarlisi, o’zbek sportchilari ham mazkur musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda. Xususan, -60 kg vazn toifasida O’zbekiston sharafini himoya qilayotgan Dilshod Baratov dunyo birinchiligining yarim finalida isroillik Yam Volshakdan ustun kelgan.
Ma’lumot uchun, Artel’ kompaniyasi doimiy tarzda sportni qo’llab-quvvatlab, sog’lom turmush tarzini targ’ib qilib keladi. Kompaniya tomonidan o’tkazilgan futbol musobaqalari va boshqa turnirlar fikrimizning isbotidir. Artel’ bu kabi tashabbuslarni o’zining korporativ ijtimoiy mas’uliyati deb hisoblaydi.