Ayni kunlarda FIDE Kongressi doirasida komissiya yig’ilishlari bo’lib o’tmoqda.
Mazkur tadbir doirasida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonligi uchun tanlov tashkillashtirilmoqda. Unda O’zbekiston, Polsha hamda Zambiya davlatlari nomzod sifatida ishtirok etish uchun ariza topshirgan. Biroq Polsha va Zambiya tomonidan hukumat kafolat xatlari taqdim etilmaganligi bois ular so’nggi bosqichda ishtirok eta olishmaydi.
Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar bermoqda.
Shu tariqa O’zbekiston asosiy nomzod sifatida 8 avgust kuni 200ga yaqin davlat vakillaridan iborat delegatlar tomonidan ovoz berish jarayonida ishtirok etib, 2026-yili o’tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligini qo’lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo’lib oldi.
«Faqat buni amalda rasmiylashtirish qoldi xolos»,-deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o’tamiz, 2026-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun Toshkent shahri tanlab olingan bo’lib, olimpiada 2026-yilning sentyabr oyida tashkil etilishi nazarda tutilgan.
minsport.uz