Belgiyalik Stefan Klimovski o’z yurtida o’tov ishlab chiqaradigan “Be Yurt” firmasini ochdi. E’tiborlisi, mazkur korxona qisqa vaqt ichida mashhur bo’lib ketdi, oldinda buyurtma berish soni shu darajada ko’paydiki, natijada rahbariyatga ish o’rinlari sonini ko’paytirishga ham to’g’ri keldi, deb yozadi “Kazinform” axborot manbasi.
Stefan Klimovski biror marta ham Markaziy Osiyo mintaqasiga kelmagan, lekin o’tovlarni ilk bor internet tarmoqlari orqali tomosha qilgan. Ko’chmanchilar yashaydigan bunday joy tadbirkorni shu zahotiyoq qiziqtirib qo’ydi. Uning so’zlariga ko’ra, o’tovdan barcha narsa, shaklidan tortib ichkaridagi muhitigacha qulay. Shunda Stefanda bunday vositani o’zi yasab ko’rishga qiziqish paydo bo’ldi. U do’sti bilan o’tov chizmasini yaratib, shu bo’yicha keyin uni yig’ib chiqdi. Birinchi nusxa qisqa vaqt ichida sotilib ketdi.
Ayni paytda firma faoliyat yuritayotganiga bir yarim yil bo’ldi. Shunday qilib, belgiyaliklar o’tovni mahalliy iqlim va yevropalik xaridorlar ta’biga moslab ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishdi. Ularning aytishicha, belgiyacha o’tovda yil bo’yi, ob-havo qanday bo’lishidan qat’i nazar, bemalol yashash mumkin.
“Markaziy Osiyoda shamol ko’p bo’ladi, lekin yomg’irlar emas. Biz o’tovlarni balandroq, gumbazini nishabroq qilib yasayapmiz. Shuning uchun yomg’ir yog’sa, suv tez oqib tushadi. Ayni chog’da uni yanada zamonaviylashtirdik. Yorqin tus berdik”, – deydi u.
Klimovski o’tovi bir necha qatlamdan iborat. Tashqi qatlam suv kirgazmaydi. Devor va gumbazi 10-22 sm. qalinlikda bo’lib, issiqlik o’tkazmaydi. Buning uchun o’simlik tolasi yoki utilizatsiya qilingan kiyim-kechakdan foydalanilgan. Uning ichki qatlami yorqin tusli paxta matosi bilan qoplangan. Pol esa eman yoki qarag’ay yog’ochidan ishlangan. Bir necha xonadan iborat, elektr va kanalizatsiya tarmoqlari, sanuzel mavjud.
Evropaliklar o’tovning ekologik jihatdan tozaligi, ixchamligi va ixtiyoriy joyga o’rnatish mumkinligi bilan ma’qul tushdi. Ular uchun yana bir eng afzal jihati o’tovning arzonligidir. 15 ming yevrodan tortib 30 ming yevrogacha. Narxdagi bunday jozibadorlik, ayniqsa, belgiyalik oila qurmoqchi bo’lgan yoshlar yoki yosh oilalarni o’ziga ohanraboday tortayotir.
“Bizning kunlarda yosh juftliklarga uy sotib olish juda qiyin. Siz 30-40 yil davomida ipotekani to’lashga majbur bo’lasiz. Ko’pchilik xaroba ahvoldagi uylarni xarid qilishadi. Lekin ularni tiklash uchun uzoq vaqt, ba’zan besh yoki o’n yil ketadi. Boz ustiga, bunday paytda qaerdadir yashash ham kerak. Shuning uchun yoshlar qulay, iliq va shinam bo’lgan o’tovlarni sotib olishayapti”, – dedi Stefan Klimovski.
Ma’lumot uchun, diametri sakkiz metrli o’tovni tayyorlash uchun bir-bir yarim oy, uni o’rnatishga esa qariyb bir hafta vaqt ketadi.
Manba: «Xalq so’zi»