Yer aholisi rasmiy hisobdan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin – barchasi qishloq aholisi sonini hisoblashdagi xatolar tufayli. Finlyandiyaning Aalto universiteti tadqiqotchilari sayyorani kvadrat zonalarga ajratishning an’anaviy usuli shaharlardan tashqarida yashovchi odamlar sonini sezilarli darajada kam baholashga olib kelishini ta’kidlamoqda. Bu haqda “Science Alert” xabar berdi.
Olimlar 1975-2010 yillar oralig‘idagi ma’lumotlarni tahlil qilib, global demografik bazalar qishloq aholisi sonini 53-84 foizga kam hisoblaganini aniqlagan. Bu esa hisobga olinmagan odamlar soni bir necha milliardga yetishi mumkinligini anglatadi.
“Biz qishloq joylarda haqiqiy aholi soni global ma’lumotlarga qaraganda ancha yuqori ekanligiga hayron qoldik. Ishlatilgan ma’lumotlar bazasini ko‘zdan kechirib, 1975-2010 yillar oralig‘ida qishloq aholisi soni 53 foizdan 84 foizgacha kam baholangan”, deydi Aalto universitetining atrof-muhit muhandisi Xosias Lang-Ritter.
Tadqiqot mualliflari 35 ta davlatdagi 307 ta gidrotexnik loyihaga oid ma’lumotlarni o‘rganib chiqqan. Ular rasmiy manbalar keltirgan ko‘chirilgan aholi sonini ushbu hududlardagi aholi soniga oid beshta yirik demografik baza asosidagi baholash natijalari bilan taqqoslagan. Ma’lum bo‘lishicha, qishloq joylarda odamlar, xususan, tibbiy xizmatlar va infratuzilmaga oid ma’lumotlar shaharlar bilan solishtirganda ancha kam qayd etilgan.
“Aholining muhim bir qismi global demografik ma’lumotlar bazalarida hisobga olinmagan bo‘lishi mumkinligini ilk bor bizning tadqiqotimiz isbotlamoqda”, deydi Xosias Lang-Ritter.
Barcha mutaxassislar ham bu xulosalarga qo‘shilmaydi. Ba’zilar zamonaviy sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va takomillashtirilgan ma’lumot yig‘ish usullari xatoliklarni kamaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ammo haqiqiy tafovutlar bundan kichikroq bo‘lsa ham, gap baribir davlat xizmatlarini rejalashtirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini prognoz qilishda inobatga olinmagan yuz millionlab odamlar haqida ketmoqda.
Tadqiqotchilar aholini, ayniqsa qishloq joylarda, hisoblash usullarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda, bu esa resurslarni aniqroq taqsimlash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Yer yuzi aholisini real vaqt rejimida hisoblovchi “Worldometer” portali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda sayyorada 8 milliard 213 milliondan ko‘proq aholi yashamoqda. Dunyo aholisi soni bo‘yicha reytingda 1,4 mlrd kishi bilan Hindiston yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston esa 37 milliondan ko‘proq aholi bilan 43-o‘rinda qayd etilgan.