image0

Buyuk Britaniyada 2 ming yillik tarixga ega xazina topildi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.

Mutaxassislar tomonidan “arxeologik vaqt kapsulasi” deb ta’riflangan ushbu xazina eramizning I asrida, ya’ni Rim imperiyasining janubiy Britaniyani zabt etishi davrida ko‘milgan deb taxmin qilinmoqda. Topilmalar orasida kamida 7 ta to‘rt g‘ildirakli arava va ikki g‘ildirakli jang aravasi qoldiqlari bor. Bu Britaniya temir davri uchun nodir topilmadir.

Ba’zi jabduqlar O‘rtayer dengizi marjoni va rangli shisha bilan bezatilgan bo‘lib, ular jamiyatning eng yuqori tabaqasiga mansubligini ko‘rsatadi.

“Bu Britaniyada topilgan eng yirik ot jabduqlari va arava qismlari to‘plamidir. U nafaqat buyumlar soni, balki ularning sifati va turli xil ekanligi bilan ham ahamiyatlidir”, deydi Britaniya muzeyining kuratori doktor Sofiya Adams.

Shuningdek, uchta marosim nayzasi, 28 ta temir g‘ildirak halqalari va ikkita naqshli qozon topilgan. Ulardan biri maxsus qopqoqli bo‘lib, sharob aralashtirish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin. U katta chuqur tubiga ataylab ko‘milgan. Bundan tashqari, mis qotishmasidan yasalgan jilov qismlari, g‘ildirak mixlari va uzangilar ham bor.

Eng qiziq jihati shundaki, aksariyat buyumlar ataylab sindirilgan yoki kuydirilgan holda dafn etilgan. Bu esa olimlar orasida turli savollarni yuzaga keltirgan.

“Bu kuch-qudratni namoyon etish usulimi? Dafn marosimimi? Yoki xudolarga bag‘ishlangan qurbonlikmi?” deyiladi xabarda.

Ushbu topilma Britaniyaning Rim istilosidan oldingi Yevropa bilan aloqalari haqidagi munozaralarni yana jonlantirdi. Ba’zi buyumlar ilgari Britaniyada topilganlarga o‘xshasa-da, boshqalari Yevropadagi namunalar bilan mos keladi. Bu esa keng savdo tarmoqlari va texnologiya almashinuvi mavjudligini ko‘rsatadi.

Taxminiy qiymati 254 000 funt sterling (304 000 yevro) bo‘lgan Melsonbi xazinasi hozirda Yorkdagi muzey tomonidan ommaga namoyish etish uchun mablag‘ to‘plash kampaniyasining diqqat markazida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyada ichida bola qoldiqlari bo‘lgan o‘ta qadimiy amfora topilgandi.