Yaponiya malikasi oddiy insonga turmushga chiqdi

Bugun, 26 oktyabr sanasida Yaponiya malikasi Mako bir necha yildan beri uchrashib yurgan yigiti — Key Komuro bilan turmush qurdi. Bu haqda «Kyodo News» imperator saroyi boshqarmasiga asoslanib xabar berdi.

Mako imperator oilasi a’zosi maqomidan mahrum bo’ldi — erining familiyasiga o’tadi.

Nikohni ro’yxatga olish serhasham va dabdabali marosimlarsiz o’tgan. «ZAGS»dan chiqqan yoshlar matbuot anjumani o’tkazishini kutishgandi, biroq ular nikohdan o’tishganini e’lon qilib, jurnalistlar oldindan bergan savollarning beshtasiga yozma javob berish bilan kifoyalanishdi.

 

Yaponiya qonunlariga muvofiq, oddiy insonga turmushga chiqqan malikalar imperator oilasi a’zoligidan mahrum bo’lishadi, biroq bu qonun shahzodalarga tatbiq etilmaydi.

 

Malika Mako nafaqat tantanali to’y marosimi va banketdan voz kechdi, balki saroyni tark etayotganlarga taqdim etiladigan kompensatsiya puli (153 mln. iena yoki $1,35 mln.)ni olishni ham istamadi. «VVS News» yozishicha, Mako har ikki an’anani inkor etgan ilk malika bo’ldi.

 

Kelin-kuyovning har ikkisi ham 30 yoshda. Kollejda tanishishgan. Umr rishtalarini bog’lashayotgani haqida 2017 yilda ma’lum bo’lgandi.

 

Yosh oila AQShga ko’chib o’tishi kutilmoqda: Komuro Amerika yuridik firmasida ishlaydi.