XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

MANGO HAQIDA HAQIQATLAR

 

1. Mango asosan Hindistonda o’sadi. Bu mamlakatda yiliga 13,5 million tonna hosil olishadi. Yevropa davlatlari orasida esa mangoni Ispaniya va Kanar orollarida yetishtirishadi. Mangoning ayrim navlarini Janubiy Amerikada ham uchratish mumkin.

2. Mango pishmagan payt yoqimsiz ta’mga ega bo’lsa ham tarkibida pektin mavjudligi bilan ahamiyatlidir.  Bundan tashqari mango tarkibida uzum va limon kislotasi ko’p. Pishgan turida esa ular juda kamchilikni tashkil etadi.

3. Qadimdan Hindistonda mango daraxti ilohiy hisoblanadi. Odamlar daraxt yonida turib tilak tilasa, albatta ijobat bo’lishiga qattiq ishonadi. Agar Yangi yil bayrami arafasida mango mevasini uyning kirish eshigi tepasiga ilib qo’yilsa, bu xonadondan yil bo’yi baxt va omad arimas ekan. Hindlar shunday deb o’ylashadi.

4. Aslida mangoning vatani Myanma tropik o’rmonlari, Hindistondagi Assam shtati hisoblanadi. Bu maskanlarda 4000 yildan beri mango yetishtiriladi.

5. Tayland hamda Filippinda mangoning pishib yetilmagan mevasini sabzavot o’rnida salatlarga qo’shishadi.

6. Olimlarning fikricha, mango iste’moli odamni turli xavfli viruslardan asraydi, asab tizimini tinchlantiradi.

7. Mango daraxti barglari zaharli. Ayrim hayvonlar yesa o’lim topishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu barglarni yoqish ham kerak emas. Undan ajralib chiqqan zaharli tutun ko’z va o’pkani ishdan chiqarishi mumkin.

8. Qadimda Osiyodagi ko’plab hukmdorlar o’z mango daraxtiga ega bo’lgan. Bu odam jamiyatda yuqori o’rin tutishining belgisi sifatida qabul qilingan.

9. Hindlar ba’zi bayramlar oldidan tishlarini pasta emas, mango daraxti novdasi bilan tozalashadi.

10. Mango past kaloriyaga ega mevadir. Shu sababli uni parhezdagilar ham bemalol yesa bo’laveradi.  Faqat uni kunning birinchi yarmida yeyish tavsiya etiladi.

11. Mango ovqat hazm qilishda katta yordam bera oladi.

12. Mango daraxti 45 metr yuqorigacha bo’y cho’zadi. Endi chiqqan barglari qizg’ish, ancha oldin yuz ko’rsatganlari esa to’q yashil rangda bo’ladi.

13. Hali pishmagan mango po’stlog’i tarkibida zaharli moddalar bor. Ular allergiya qo’zg’ashi mumkin.

14. Mango danagidan sanoatda moy tayyorlanadi. Bu moydan teri kasalliklarini davolashda, qumursqa chaqqan joylar tezroq bitishi, mushaklarda paydo bo’lgan og’riqlarni yo’qotishda foydalanishadi.

15. Osiyodagi ayrim davlatlarda nikoh to’yi kuni mango daraxti barglarini kelin-kuyov ustidan sochishadi. Shunday qilinsa, ikki yosh serfarzand, serdavlat bo’ladi deb o’ylashadi.

16. Mango daraxti po’stlog’i shifobaxshdir. Undan tayyorlangan damlama onkologik xastaliklar profilaktikasida juda katta foyda berarkan.

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading…