PSIXOLOGIYa VA REKLAMA HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR
Hozirgi kunda reklama hayotning bir qismiga aylangan. Mahsulotni reklama qiladiganlar esa psixologlar yordamiga tayanadi. Chunki aynan psixologlar odamning ruhiyatini juda chuqur biladi. Ular har qanday xarakterga ega odamni kutilmagan usullar yordamida mahsulotga jalb qilishni qoyillatishadi.
1. Reklamada ikkita psixologik usul mavjud. Ular odamni ishontirish va qulog’iga quyish. Ishontirish usuli orqali reklamachilar odamga axborotni shunday ustalik bilan yetkazishadiki, xohlasa-xohlamasa ishonishga majbur bo’ladi. Keyingi usul yordamida axborot odamning qalbiga o’chmas harflar bilan yozib qo’yiladi. Ko’ribsizki, u yursa ham, tursa ham o’sha reklamani o’ylaydigan bo’lib qoladi.
2. Keyingi usullar ham ikkita bo’lib, biri xotira va e’tibor kabilarga bo’linadi. Oldin xaridorning e’tibori tortiladi. Keyin shu reklamani qayta-qayta takrorlayverish orqali mahsulot egalari xaridorning xotirasiga joylashib oladi.
3. Psixologlar reklama beruvchilarga insonlar psixologiyasini ham ishga solishni o’rgatishgan. Qanday qilib deysizmi? Bu oson. Masalan, erkaklar kiyimi, poyafzali yoki odekolonini olaylik. Bu mahsulotlarni atayin jozibali, go’zal qizlarning ixtiyoriga berib qo’yishadi. Sohibjamol o’zining go’zal tashqi qiyofasi va yoqimli ovozi, o’tkir nigohlari ko’magida reklama beruvchilar uchun millionlab erkaklarni mijozga aylantirib bera oladi.
5. Psixologiyada hazil-mutoyiba ham keng o’rin olgan. Uning yordamida reklamachilar mahsulotining qadrini, jozibasini, narxini bemalol oshira olishadi. Ayniqsa, taniqli komiklar mahsulotni reklama qilsa, kayfiyati favqulodda ko’tarilgan, qoyil qola boshlagan odam darrov shu mahsulotni sotib olish harakatiga tushib qoladi.
6. Psixologlar inson ruhiyati yana bir haqiqatni tez va a’lo darajada qabul qila olishini aytishadi. Bu favqulodda o’ylab topiladigan raqamlardir. Masalan, reklama qilinayotgan mahsulot 1000 so’m tursa, reklamada uni 999 so’m qilib qo’yishadi. Ayting, shu ikki raqamdan qay biri tezroq yodda qoladi? Qay birini xotirada mustahkamroq saqlab qolamiz? Albatta ikkinchisini. Mana shu narsa ham mahsulot reklamasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ammo hayotning bir haqiqatini unutmaslik zarur. Xalqda shunday bir gap borki, sifatli mahsulot reklamaga muhtoj emas. Sifatsiz mahsulotni reklama qilib bir yil changitgancha sotarsiz, ana boring, ikki yil xaridor ushlab turarsiz. Ammo mahsulotingizda sifat yetishmadimi, bir marta olgan odam qaytib sizning mahsulotingizni olmaydi. Demak, siz hech qancha vaqt o’tmay, mijozlardan ayrilasiz.
Olimjon HAYIT tayyorladi