Xitoyning «Chan'e-5» apparati 44 yil ichida birinchi marta Oy tuprog'i namunalarini Yerga yetkazdi

 

Xitoy raisi Si Szinpin barcha ishtirokchilarni missiya yakunlangani bilan qutladi.

«Modulning Yerga qaytishi uchta bosqich: Oyni aylanib chiqish, Oyga qo’nish va Oy tuprog’i namunalarini Yerga yetkazishdan iborat Oyni tadqiq qilish rejasi muvaffaqiyatli ravishda tugallanganini bildiradi. Dastur 2004 yilda boshlangan edi», — deyiladi Sinxua agentligi xabarida.

Xitoy «Chan’e-5» avtomatik stansiyasini Oy yuzasidan tuproq yig’ib, Yerga yuborishi uchun noyabr oyida Oyga uchirgan edi. 1 dekabr kuni apparat Oy yuzasiga muvaffaqiyatli qo’nib, shundan so’ng tuproq namunalarini yig’ishni boshlagan edi. Shuningdek, «Chan’e-5» Oy yuzasiga Xitoy bayrog’ini o’rnatgandi.

Oy tuprog’ini Yerga Xitoydan avval faqat ikkita mamlakat — AQSh va Sobiq ittifoq yetkazib keltirgan edi. Oy tuprog’ini yetkazish bo’yicha oxirgi missiya 1976 yilda amalga oshirilgan.

2019 yilning aprelida Xitoy boshqa ko’plab mamlakatlar qatori, Oyga o’z odamini qo’ndirish imkoniyatini ko’rib chiqayotgani ma’lum bo’lgandi. May oyida esa «Yuytu-2» lunoxodi Oyning orqa tomonida Oy mantiyasining ikki xil jinslarini topgan edi.