Xitoylik oshpaz eng ingichka qo‘lda tayyorlangan lag‘mon bilan yangi jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda UPI nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tgan teleko‘rsatuvda xitoylik oshpaz Li Enxay tomoshabinlar va hakamlarni hayratda qoldirgan. U lag‘monni qo‘lda atigi 0,18 millimetr qalinlikda yoyishga muvaffaq bo‘lgan. Bu esa yangi jahon rekordi sifatida qayd etilgan.
Bungacha ham eng ingichka lag‘mon tayyorlash bo‘yicha rekordning egasi aynan Li Enxay bo‘lgan, biroq keyinchalik uning natijasi boshqa oshpaz tomonidan yangilangan edi. Endi esa xitoylik usta o‘z rekordini qayta tiklab, hakamlarni o‘ziga xos mahorati bilan lol qoldirgan.
“Ushbu yutuq nafaqat an’anaviy lag‘mon tayyorlash san’atini, balki oshpazlik mahoratining eng yuqori darajasini ham namoyish etadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi eng kichkina ayol hindistonlik Yoti Amge qo‘llarining uzunligi bo‘yicha navbatdagi rekordni o‘rnatgandi. Uning chap qo‘l kafti atigi 7,1 sm, o‘ng qo‘liniki esa 7,2 sm. Dunyoning ayni paytdagi eng baland bo‘yli ayoli Rumeysa Gelgining eng uzun barmog‘iga ega bo‘lib, bitta barmog‘i 11,2 sm. Bu uning barmoqlari Yoti Amgening qo‘l kaftlaridan ham uzunroq ekanligini anglatadi.