So‘nggi 40 yil ichida okeanlar isishi darajasi to‘rt baravardan ko‘proq oshdi. Bu haqda tadqiqot IOP Science jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotga ko‘ra, agar 1980 yillar oxirida dunyo okeani harorati har o‘n yilda taxminan 0,06 daraja oshgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 0,27 darajaga yetgan. Ushbu tadqiqot 2023 va 2024 yillarning boshlarida okeanlar harorati misli ko‘rilmagan darajada isishi sabablarini tushunishga yordam beradi.
“Agar okeanni suv to‘ldirilgan vanna deb hisoblasak, 1980 yillarda issiq suv quvuri juda sekin ishlagan va harorat har o‘n yilda ozgina ko‘tarilgan. Ammo hozir issiq suv quvuri juda tez ishlayapti, oqibatda okean tezroq isib bormoqda. Uni sekinlashtirishning yagona yo‘li – global uglerod chiqindilarini kamaytirish va nol darajaga erishishdir”, deydi Reding universiteti professori, tadqiqotning asosiy muallifi Kris Merchant.
Dunyo okeanining tez isib ketishiga sabab Yerning energiya balansi buzilishi bo‘lib, bunda Yer tizimi Quyoshdan o‘ziga ko‘proq energiya yutadi va avvalgidan kamroq energiyani kosmosga qaytaradi. 2010 yildan boshlab bu balans taxminan ikki baravar yomonlashgan. Bunga sabab esa issiqxona gazlari konsentratsiyasining oshishi va Yer avvalgidan kamroq quyosh nurini qaytarishi hisoblanadi.
2023 va 2024 yillar boshida okean harorati 450 kun ketma-ket rekord darajada yuqori bo‘lgan. Buning bir qismi El-Nino hodisasi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, olimlarning ta’kidlashicha, issiqlikning katta qismi okean sathining so‘nggi 10 yilda avvalgidan tezroq qizib borayotgani bilan izohlanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, jahon okeanidagi rekord haroratning 44 foizi aynan issiqlikning tezroq yig‘ilishi bilan bog‘liq.
Tadqiqotchilarning fikricha, okeanlarning so‘nggi o‘n yillikdagi isish sur’ati kelajakda kuzatiladigan o‘zgarishlarga to‘g‘ri ko‘rsatkich emas. Keyingi 20 yil ichida so‘nggi 40 yildagi okean isishi darajasi yanada oshib ketishi mumkin. Okeanlar yuzasi global isish sur’atini belgilovchi muhim omil bo‘lgani uchun bu iqlim tizimiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Okean isishining tezlashishi esa yerdagi haroratning yanada tez ko‘tarilishiga olib keladi.
Shuning uchun olimlar yoqilg‘i yoqish miqdorini keskin kamaytirish zarurati haqida ogohlantirmoqda. Aks holda iqlim o‘zgarishlari tobora tezlashib boradi va barqarorlikka erishish juda qiyin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyadagi Maks Plank Kimyoviy ekologiya instituti (MPICE) olimlari iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi XXI asr oxiriga borib o‘lim holatlarining sezilarli darajada ortishiga olib kelishini ma’lum qilgan edi.