image0

Xitoylik tadqiqotchilar Sharqiy Xitoyning Szyansi provinsiyasida dinozavr tuxumlarining yangi turini topdi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.

Tuxumlardan birining uzunligi bor-yo‘g‘i 29 mm bo‘lib, dunyo miqyosida topilgan eng kichik namuna hisoblanadi. Szyansi geologik qidiruv instituti, Uxandagi Xitoy geofanlar universiteti hamda Xitoy Fanlar akademiyasining Umurtqali hayvonlar paleontologiyasi instituti tadqiqotchilaridan iborat guruh uch yillik tadqiqotdan so‘ng 6 ta tuxum qoldiqlarini tasdiqlagan. Ularning barchasi bo‘r davriga oid bo‘lib, qariyb 80 million yil oldin yashagan dinozavrlarga tegishli.

Nisbatan to‘liq, ammo tartibsiz joylashtirilgan tuxum qoldiqlari 2021 yilda Ganchjou shahrining Gansyan tumanida joylashgan Meilin shaharchasidagi qurilish maydonchasida yaxshi saqlangan uyada topilgan. Shu vaqtgacha Skanerli elektron mikroskopiya va elektronning teskari tarqalish difraksiyasidan foydalangan holda, tadqiqotchilar guruhi tuxum qobig‘ining mikrotuzilmasini tahlil qilgan va ularni qushlar bo‘lmagan teropodga tegishli ekanligini ko‘rsatishini aniqlagan.

Szyansi geologik qidiruv instituti bosh muhandisi Lou Fashengning so‘zlariga ilgari ma’lum bo‘lgan eng kichik dinozavr tuxumi qoldig‘i Xitoyning Chjetszyan provinsiyasida topilgan bo‘lib, o‘lchamlari taxminan 45,5 mm X 40,4 mm X 34,4 mm. Ushbu so‘nggi kashfiyot bo‘r davridagi dinozavr tuxumlarining xilma-xilligini kengaytiradi va o‘sha davrdagi teropodlarning evolyutsiyasi haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etadi.

Lou tadqiqot guruhi tuxum qoldiqlarining ko‘milgan holatini qayta tiklash, ularning shakllanish jarayonini o‘rganish va ushbu tuxum qo‘ygan dinozavr turini hamda turning reproduktiv usullarini aniqlash uchun mikro-KT skanerlashdan foydalanishini aytgan. Topilmalar “Historical Biology” onlayn jurnalida nashr etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonlik olimlar Myunxendagi Paleontologiya muzeyi olimlari bilan birgalikda Toshko‘mir shahri yaqinidagi tog‘li cho‘l hududida yirtqich teropod dinozavrlarining qoldiqlarini topgandi. Jonivorga “Alpkarakush kyrgyzicus” nomi berilgan. Tadqiqot Zoological Journal of the Linnean Society (ZJLS) ilmiy jurnalida chop etildi. Mutaxassislarning fikricha, bu Qirg‘iziston hududidan topilgan birinchi teropod dinozavriga aylandi.

Paleontologlarning ta’kidlashicha, “Alpkarakush kyrgyzicus” qirg‘iz qahramonlik eposi “Manas”dagi ulkan mifologik qush Alpqoraqush sharafiga nomlangan. Tur “metriakantosauridae” deb tasniflangan. Metriakantozavrlar va teropodlarning boshqa guruhlari Janubi-Sharqiy Osiyoda vujudga kelgan va keyinchalik Markaziy Osiyo hamda Yevropa orqali boshqa qit’alarga tarqalgan.