Bugun, 22 oktyabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkentda havo tarkibidagi PM2.5 zarrachalari miqdori JSST tasdiqlagan me’yordan qariyb 11 barobarga oshib ketdi. Bu bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida faoliyat yurituvchi IQAir portalida e’lon qilindi.
O‘zbekiston poytaxti Toshkent dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 6-o‘ringa chiqdi. Unga ko‘ra, soat 14:00 atrofida Toshkent havosida mayda PM2,5 dispers zarralarining konsentratsiyasi 59 mkg/m3 ni tashkil etgan – bu JSST tomonidan tavsiya etilgan o‘rtacha havo sifati ko‘rsatkichidan 11,6 baravarga ko‘p.
Ma’lumot uchun, aholidan zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik, surunkali nafas olish yo‘llari kasalliklariga chalingan fuqarolar tibbiy niqoblardan foydalanishi tavsiya qilinadi.
Bunday ob-havo sharoitida ko‘chadan uyga kirgandan keyin yaxshilab yuz-qo‘llarni yuvish, xonada chang to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik, eshik va derazalarni mahkam yopish va kuniga bir necha marta yaxshilab nam latta bilan tozalash kerak.