“Al Sadd” “Paxtakor”ga qarshi o’yin uchun qaydnomani e’lon qildi.
Kelayotgan haftada qit’amiz stadionlarida Osiyo Chempionlar ligasi 3-tur uchrashuvlari o’tkaziladi. Toshkentning “Paxtakor” klubi o’z maydonida ushbu haftada Qatar chempionligini rasmiylashtirgan “Al Sadd” klubini qabul qiladi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy saytida Qatar chempionining bo’lajak o’yin uchun qaydnomasiga kiritilgan futbolchilar ro’yxati e’lon qilindi. “Al Sadd”ning portugaliyalik bosh murabbiyi Jezualdo Ferreyra Toshkentga Ispaniya terma jamoasi tarkibida Yevropa va jahon chempionligini qo’lga kiritgan Xavini ham olib kelishi ma’lum bo’ldi.
Shu o’rinda ta’kidlash kerak, Xavi joriy mavsumda ilk bor OChL doirasidagi o’yinda ishtirok etishi mumkin. Boisi, tajribali futbolchi jamoasining OChLdagi dastlabki ikki o’yinida ishtirok etmagan, u hattoki uchrashuv qaydnomasiga ham kiritilmagan edi.
Qatar chempionligini rasmiylashtirib bo’lgach, bosimdan holi bo’lgan portugaliyalik mutaxassis bu safar Xaviga Osiyo maydonlarida o’zini ko’rsatishi uchun imkon taqdim etishi mumkin.
Xavi shu kungacha OChLda jami 13ta o’yin o’tkazgan va birgina gol muallifiga aylangan. Ispaniyalik futbolchi ushbu nufuzli musobaqadagi hozircha yagona golini Qarshining “Nasaf” jamoasi darvozasiga kiritgan va e’tiborlisi, o’shanda qarshiliklar darvozasini ayni paytda faoliyatini “Paxtakor”da davom ettirayotgan Sanjar Quvvatov qo’riqlagan edi.
Shuningdek Jezualdo Ferreyra tajribali futbolchi, Madridning “Atletiko” jamoasi safidagi ajoyib o’yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan Gabini ham Toshkentga olib keladigan bo’ldi. Qatar chempioni tarkibidagi yana bir legioner, jamoaning asosiy to’purari jazoirlik Bag’dod Bunedja ham “Paxtakor”ga qarshi o’yin qaydnomasidan joy olgan. “Al Sadd” klubining osiyolik legioneri Jung Vu Yung (Janubiy Koreya) ham qaydnomaga kiritilgan.
E’tiborga molik ma’lumot: ayni paytda “Paxtakor”da faoliyat olib borayotgan Sanjar Quvvatov, Odiljon Hamrobekov va Dragan Cheranlar o’tgan mavsumda “Nasaf” jamoasi safida OChLda aynan “Al Sadd” klubiga qarshi maydonga tushgan.
Eslatib o’tamiz, “D” guruhida “Paxtakor” OChLning 2-turidan keyin 4 ochko bilan guruh peshqadamligini qo’lga olgan. “Al Sadd” hamda Saudiya Arabistonining “Al Ahli” klublari hisobida 3tadan ochko mavjud. Eronning “Persepolis” jamoasi esa atigi 1 ochko bilan so’nggi pog’onani egallab turibdi.
Otabek Eshmamatov, O’zA