“WhatsApp’ning so’nggi beta-versiyasida qiziqarli yangilikni sinovdan o’tkazish boshlandi, deya xabar bermoqda “4pda” nashri.
U akkauntlarning maxfiyligini yaxshilashga qaratilgan bo’lib, messenjerning Android versiyasi egalari avtorizatsiya qilish uchun an’anaviy parollar o’rniga o’zlarining biometrik ma’lumotlaridan foydalanishlari mumkin.
Yangi funksiya foydalanuvchiga barmoq izini skanerlash yoki yuzni tanish, shuningdek, PIN-kod yoki naqsh yordamida yangi qurilmada “WhatsApp” akkauntiga kirish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, mazkur funksiya ishga tushirilishi orqali messenjer foydalanuvchisiga bir martalik parol kerak bo’lmaydi.
Ilovaning sinov tuzilmasida yangi xususiyatni faollashtirish uchun sozlamalar menyusidagi “Hisob qaydnomasi” bo’limiga o’tish va keyin xuddi shu nomdagi yorliqda parol yaratish kerak.
Shundan so’ng “WhatsApp” qurilmada parol menejerini — masalan, “Google Password Manager” yoki “NordPass»ni tanlashni so’raydi.
Bu funksiya qachon barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo’lishi hozircha e’lon qilinmagan. Bu keyingi bir necha oy ichida sodir bo’lishi kutilmoqda.