Hozirda Primoj Roglich hamda Tadey Pogachar kabi sloveniyalik velosportchilar jahonning eng yetakchi rayderlari qatorida e’tirof etiladi. Buning misoli sifatida Tadey Pogacharning 2020 yil velosport olamidagi eng nufuzli musobaqa “Tur de Frans-2020”da g’alaba qozonganini ta’kidlab o’tish mumkin.
O’zbekiston velosiped sporti federatsiyasi shosse yo’nalishida terma jamoamiz nufuzini yanada ko’tarish, sportchilarimiz salohiyatini oshirishda ushbu mamlakat metodidan foydalanishni reja qilmoqda. Bu borada velosport bo’yicha yaqinda tashkil etilgan “UZBEKISTAN SYSLING PRO TEAM” jamoasining asosiy bazasi ushbu davlatda bo’lishi, qolaversa, jamoaga sloveniyalik murabbiyni jalb qilish ko’zda tutilgan.
Sloveniyalik murabbiy Filip Branko ana shunday nomzodlardan biri. Bugun ushbu mutaxassisning jamoamizdagi faoliyatiga bag’ishlangan onlayn uchrashuv bo’lib o’tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o’rinbosari Ravshan Ermatov, MOQ raisi o’rinbosari Sherzod Toshmatov, O’zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O’rinboyxo’jayev, Xalqaro velosipedchilar ittifoqining vakili Farhod Aliyev (Ozarbayjon) va bir qator soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Onlayn yig’ilishda mutasaddilar Filip Brankoning avvalgi faoliyati va rejalari haqida atroflicha suhbatlashishdi.
“O’zbekiston terma jamoalarida ishlaydigan xorijlik mutaxassislar mahalliy murabbiylarimizdan ancha ustun bo’lishi kerak. Janob Brankoning rezyumesi bilan tanishib, bu mutaxassis haqida yaxshi taassurot uyg’onmoqda. Hukumatimiz yurtimizda sport sohasini rivojlantirishga har doimgidan katta e’tibor qaratmoqda, bizni doimo qo’llab kelmoqda. Shu bois xorijlik murabbiylar tanlovida xato qilmasligimiz lozim”, – dedi Ravshan Ermatov.
O’z navbatida Sherzod Toshmatov ham sloveniyalik murabbiyga uning yurtimizdagi faoliyatiga oid rejalari bo’yicha savollarini berdi. Sloveniyalik mutaxassis esa bunga:
“Olimpiya o’yinlarida o’zbekistonlik velosportchilarning ishtirok etishini bilaman. Biroq mamlakatdagi infratuzilma, sportchilarning qaysi darajada ekanligi, ularning jismoniy holatini ko’rmay turib aniq reja haqida fikr bildirishdan yiroqman”- deya javob berdi.
Ayni paytda terma jamoamiz Turkiyaning Antalya shahrida o’quv-mashg’ulot yig’inini olib bormoqda. Yig’ilish yakunida sportchilarimizdan maxsus test natijalarini olib, uni sloveniyalik mutaxassisga yuborish, shundan so’ng mazkur mavzu yuzasidan yana bir uchrashuv o’tkazish bo’yicha xulosa qilindi.
Eslatib o’tamiz, ertaga velosport bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi yilning ilk xalqaro musobaqasida o’z ishtirokini boshlaydi.