Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar keksa yoshdagi O’zbekiston fuqarosi Umra safariga ketayotgan chog’ida «Sharja» xalqaro aeroportining tranzit yo’lovchilar hududida sog’ligi yomonlashib qolgani va Sharja amirligining «Al Qosimiya» shifoxonasiga shoshilinch tarzda yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi.
«Dunyo» AA ma’lum qilishicha, yurtdoshlarimiz joriy yil 26 sentyabr kuni Umra safarini bajarish uchun «Madina Muslim Tours» xususiy sayyohlik shirkati orqali «Namangan–Sharja–Madina–Sharja–Namangan» yo’nalishi bo’yicha havo qatnoviga chipta olishgan, ularga shirkat tomonidan mas’ul bo’lgan vakil – «Ellik boshi» tomonidan lozim darajada e’tibor ko’rsatilmagan.
O’zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxona xodimlari qiyin ahvolda qolgan keksa yoshdagi hamyurtlarimizga yordam berish va ularni Vatanga qaytarish maqsadida «Al Qosimiya» shifoxonasi mas’ullari hamda Sharja xalqaro aeroportining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari mas’ul xodimlari bilan muzokaralar o’tkazishdi.
Buning natijasida mamlakatimiz fuqarolariga shifoxonaga to’lanishi lozim bo’lgan 4400 AQSh dollaridan voz kechish va Shardja–Toshkent yo’nalishi bo’yicha bepul aviachipta bilan ta’minlash bo’yicha kelishuvga erishildi. Shu tariqa hamyurtlarimiz Vatanga qaytarildi.