Erta qarib ketayotgandekmisiz? Unda…

Har qanday sharoitda ham inson ruhiyati mustahkam bo’lsa, erta qarishning oldi olinadi. Chunki asablar notinchligi ham ichki, ham tashqi tomondan salbiy ta’sir ko’rsatib, umrni egovlaydi. Ayniqsa, bayram oldi tashqi ko’rinishni yaxshilash, go’zal va betakror bo’lish hamma uchun ko’tarinki kayfiyat bag’ishlaydi. Shuning uchun, eng avvalo, asabni tinchlantiruvchi, qon aylanishini yaxshilovchi va oshqozon-ichak faoliyatini to’g’ri yo’lga soluvchi quyidagi amaliy ishlarni bajarishingiz lozim:

1. Hech qachon erinchoqlik qilmang, har kuni yoga va qorin mashqlariga 15 daqiqadan vaqt ajrating. Bunga ko’ra, siz o’zingizni lohaslik va har qanday xastaliklarda dori va boshqa vositalar qabul qilishdan xalos etasiz.

2. Mashg’ulot bo’lmadimi, ovqat ham yo’q! Bu hayotiy shioringizga aylanishi kerak.

3. Taom yegingiz kelmasa, o’zingizni majburlamang. Chunki bundan nafaqat oshqozoningiz, balki uxlay olmaganingiz bois asablaringiz ham ishdan chiqadi.

4. Quyuq choy, qahva va tamaki kabi qo’zg’atuvchilar qanday ko’rinishda bo’lmasin, xavfli hisoblanadi. Ularni, ayniqsa, uxlashdan oldin aslo ichmang.

5. Shuningdek, tunda ovqat yeyishga, kunduzi uxlashga odatlanmang. Bu qabziyatga sabab bo’lishi mumkin. Qabziyat esa nafaqat ichaklarga azob beradi, balki bosh miyaning zo’riqishiga ham sabab bo’ladi.

6. Taomni sekin yeng! Ovqatlanish payti suv ichmang. Ayniqsa, choyni taomlanishdan so’ng kamida 30-40 daqiqa o’tkazib iching.

7. Tishlaringiz mustahkam, oshqozon hazmi normal holatda bo’lishini istasangiz, og’izdagi taomni mayda chaynang.

8. Kechki payt me’yoridan ortiq qovurilgan, qaynatilgan, o’ta issiq, sovuq, qattiq yoki og’ir taomlarga aslo qo’l uzatmang.

9. Kayfiyatingiz chog’ bo’lib, og’ir xayollardan o’zingizni bo’shatganingizda tamaddi qiling. Hech qachon g’azabga to’lib turganingizda va nobop sharoitda ovqat yoki ichimlik iste’mol qilmang. Bunday vaqtdagi ovqatlanish to’g’ridan-to’g’ri asablarga ta’sir etadi. Bundan stress holatga tushib qolish mumkin.

10. Tamaddi qilib bo’lgach, oldinga va orqaga qadam tashlab mashq qiling va shu jarayonda qorin sohasini massaj qiling. Bunda oshqozon va ichak faoliyati yaxshilanadi. Asablaringiz tinchib, sokin uyquga ketasiz.

YoShARTIRUVChI MAShQDAN FOYDALANING

Asabni tinchlantirish va yosharib yurish uchun maxsus mashqni tavsiya etamiz. Buning uchun har kuni ertalab 15-20 daqiqa tizzada yurishning 5 foydasi bor.

1. Ozdiradi.

2. Buyrak va jigarga foydali.

3. Tizza og’rig’ini davolaydi.

4. Ko’zingizni yumib yursangiz, orqa miyaning yaxshi ishlashiga va ko’z nurining o’tkirlashishiga yordam beradi.

5. Qomatingizni tik tutishni o’rganasiz, bu umurtqa pog’onasiga ham foydali. Bu xitoycha davolash usuli bo’lib, oltin “xo’roz mashqi” deb nomlanadi.

Bu usullardan muntazam ravishda foydalansangiz, organizmingiz charchab qolmaydi. Bu esa erta qarishingizga yo’l qo’ymaydi.

Bundan tashqari, hamisha yosh bo’lib yurishni istasangiz, organizmda vitamin yetishmasligiga yo’l qo’ymasligingiz lozim. Buning uchun qaysi mahsulotda qanday vitaminlar borligini bilsangiz bo’lgani.

VITAMIN YeTIShMASLIGI VA DAVOSI

1. Agar inson organizmida A vitamini kama­yib ketsa, uning ko’rish qobiliyati kamayadi. Bu vitamin ko’proq sabzi, pomidor, ko’k no’xat, qovun, apelsin hamda sut mahsulotlarida mavjud.

2. V1 vitamini organizmda yetishmasa, parishonxotirlik ro’y beradi, xotira pasayadi, asablar bo’g’iladi. Bundan qutulish uchun go’ja oshi, suli, arpa noni, qo’y go’shtini ko’p iste’mol qilish kerak.

3. V2 vitamini kamayib ketsa, ko’z yoshlanaveradi, kamqonlik kelib chiqadi, kishi darmonsizlanib, lablari quriyveradi, bichiladi, labida ajinlar paydo bo’ladi. Bunday kishilar ko’proq tuxum, qo’y go’shti, xamirturush va pishloq yeyishlari kerak.

4. V3 vitamini organizmda kamayib ketsa, yurak o’ynaydigan bo’lib qoladi. Buning uchun olma, nok, oshqovoq, sabzi va lavlagidan ko’proq yeng.

5. S vitamini inson organizmi uchun eng muhim vitamindir. S vitamini kamayib ketsa, milklar bo’shashib, og’riqlar paydo bo’ladi, bo’g’inlar og’riy boshlaydi. Yaralar paydo bo’lib tezlikda bitmaydi va kishi tez charchaydi. Unday kishi kartoshka, karam, bulg’or qalampiri, qulupnay, sabzi, limon va apelsindan ko’p miqdorda yeyishi kerak.

6. D vitamini yetishmaydigan kishini quyosh tez uradi, sochlari to’kila boshlaydi. U kishi sut va sut mahsulotlarini, ayniqsa, qatiqni ko’p iste’mol qilishi kerak bo’ladi.

7. K vitamini yetishmasa, bunday inson jigar, ichak va buyrak kasalliklariga chalinadi, qoni yaxshi ivimaydi. U kishi piyoz, karam, qovun, ko’k no’xat, loviya va ko’katlarni ko’p yesa, foyda qiladi.

8. N vitamini yetishmasa, organizmda yog’ bezlarining faoliyati buziladi. Bunday holda soch tez oqaradi va to’kiladi. Buning darmoni — bo’lka non, guruchli ovqatlar, jo’xori, go’ja va jigarni qo’p miqdorda yeyish.

9. Yuqorida nomlari qayd etilgan vitaminlar inson organizmida yetishmasa, turli xil salbiy o’zgarishlar kelib chiqadi. Tirnoqlar tushib ketishi, bo’y qisqa bo’lishi, tez-tez har xil yaralar chiqishi, yuzga yara toshishi mumkin. Bunday holatlarda ko’proq yong’oq, kungaboqar va kanop yog’idan foydalanish kerak. Inson organizmida barcha vitaminlar me’yorida bo’lishini ta’minlash uchun yilning turli faslida yetarli miqdorda noz-ne’matlarni iste’mol qilishi zarur. Shunday qilingan taqdirda o’z organizmingizning sog’lom bo’lishiga intilgan bo’lasiz. Eng muhimi, ana shu vitaminlarga boy mahsulotlarini vaqti-vaqti bilan, me’yorida iste’mol qilish lozim.

YuZNI YoShARTIRUVChI NIQOBLAR

Vaqt o’tishi bilan teri hujayralari terining tarangligini ta’minlab turuvchi kollagen va elastinni yetarli miqdorda ishlab chiqarmay qo’yadi. Shu tufayli yuzingiz yosh va tiniq ko’rinishga ega bo’lmay qoladi. Bu aynan necha yoshda sodir bo’lishi ko’plab omillarga bog’liq. Bunga irsiy xususiyatlar, ishlash va yashash sharoitlari, ovqatlanish tartibi, hayot tarzi, terini parvarishlab borish va boshqalar ta’sir ko’rsatadi. Ba’zi ayollar 35-40 yoshlarida ham tiniq yuz terisiga ega bo’lsa, boshqalar 25 yoshlaridayoq yuzida o’zgarish sezishi mumkin. Biroq terini parvarishlashni ertaroq boshlagan ma’qul, shunda o’zingiz istamagan o’zgarishlar unchalik sezilarli bo’lmaydi. Uy sharoitida yuzni parvarish qilishning eng oson va shu bilan birga, samarali usuli niqoblardir. Xo’sh, niqoblar nimalardan tayyorlanishi mumkin va ular qanday xususiyatga ega?

Quyida shunday niqoblarda qo’llaniladigan ba’zi mahsulotlarni va ular teriga ko’rsatadigan samaralarni sanab o’tamiz.

1. Asal vitaminlarning haqiqiy xazinasi bo’lib, terini tozalaydi va oziqlantiradi.

2. Xantal — terining tashqi qavatiga surtilganida uning hujayralari qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi, moddalar almashinuvi ham yo’lga tushadi, natijada elastin va kollagen ishlab chiqarila boshlaydi.

3. Xom tuxum — teridagi teshikchalarni toraytirish bilan birga, ulardagi ortiqcha narsalarni chiqarib tashlaydi. U, shuningdek, namlantiruvchi xususiyatga ham ega.

4. Smetana, qatiqdagi kislotalar — epidermisning qotib ketgan hujayralarini yo’q qiladi, shuningdek, ushbu mahsulotlar terini oziqlantiradi va namlantiradi.

5. Bodring — yallig’lanishni yo’q qiladi, terini taranglashtiradi va oziqlantiradi.

6. Kartoshka — yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega, uning sharbati terini tiniqlashtiradi va oziqlantiradi.

7. Meva kislotalari — ko’pincha pilinglar yuzning eskirgan va o’lik hujjatlarini yo’q qilib, uni yangilaydi.

8. Xamirturush — teri holatiga ta’sir ko’rsata oladigan tirik organizmlardir.

9. Gerkules (culi yormasi) — terining dag’al bo’lib qolgan hujayralarini ketkazadi, shu bilan bir vaqtda uni namlantirib, yumshatadi.

10. Tabiiy moylar so’ligan va qurigan teri uchun eng yaxshi namlantiruvchidir.

Niqob surtishning uchta asosiy bosqichi bo’lib, uy sharoitida yoshartiruvchi niqoblar quyidagi tarzda surtiladi:

* dastlab teri tozalanadi.

Buning uchun yuzingizni yuvib, so’ng loson yordamida tozalang. Yumshoq skrab bilan yumshoq piling qilish ham mumkin.

* Yuzdagi teshikchalar ochilib, niqob tarkibidagi moddalar teriga yaxshiroq singishi uchun yuzni bug’lab, yumshatgan ma’qul.

Buning uchun qaynoq vanna qabul qiling yoki yuzingizni qaynoq suv solingan idish og’ziga tutib turing.

* Endi niqobni surtish mumkin. Vaqtni belgilang va bo’shashing.

* Niqob 5 daqiqa turgach, uni yuvib tashlashga kirishing. Uni ehtiyotkorlik bilan iliq suvda sovunsiz yuvish zarur (agar yuzdan ketishi qiyin bo’laversa, sovun ishlatish mumkin).

Zulfizar ISOQOVA tayyorladi.

7 Mo»jiza gazetasidan olindi