Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi qarshi hujumni bahordayoq boshlashni rejalashtirmoqda — bu katta ehtimol bilan aprel-may oylarida bo’ladi. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Estoniyaning ERR telekompaniyasi efirida aytib o’tdi.
Vazir jurnalistlarning nemislarning Leopard tanklari oldingi chiziqqa qachon yetib borishi haqidagi savoliga javoban shunday bayonot berdi. Reznikovning so’zlariga ko’ra, bu qarshi hujum vaqtida ro’y beradi, bu hujumni boshlash uchun eng qulay vaqtni Bosh shtab tanlaydi.
Reznikovning qo’shimcha qilishicha, ukrainlarning yurishi bir necha yo’nalishlar bo’ylab amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. U amaliyotning boshlanishiga ob-havo sharoiti ta’sir ko’rsatishi mumkinligini qayd etgan. «Bahorda bizning yerlar juda nam bo’ladi. Faqat gusenitsali transportdan foydalanish mumkin. O’ylaymanki, biz ularni [Leopard tanklari] aprel-may oylarida ko’ramiz», — degan vazir.
Yurishning o’zi haqida gapirarkan, vazir 2023 yil mobaynida dunyo «Ukraina uchun juda ijobiy o’zgarishlarga guvoh bo’lishi»ni aytib o’tdi. «Ishonchim komilki, biz Kiyev, Chernihiv, Sumi, Xarkiv va Xersonda bo’lgani kabi vaqtincha bosib olingan hududlarimizni ozod etishni davom ettiramiz», — deya qo’shimcha qilgan u.
Vazir ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida yaqinda Ukrainaga yetib kelgan nemislarning Marder piyodalar jangovar mashinalari videosini namoyish etgan va ittifoqchilarga minnatdorchilik bildirgan.