Turkmanistonda xalq itboqarlari hamda xizmat ko’rsatgan itboqarlarga bir martalik mukofot pullari va oylik pul mablag’lari beriladi.
Unga ko’ra, xalq itboqari unvoniga sazovor bo’lganlarga eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik mukofot va oylik, pensiya, nafaqa hamda stipendiyalariga eng kam ish haqining 30 foizi miqdorida oylik ustama qo’shiladi.
«Xizmat ko’rsatgan itboqar unvonini olganlarga esa eng kam ish haqining to’rt baravari miqdorida bir martalik mukofot va har oy eng kam oylik ish haqining 20 foizi miqdorida ustama beriladi», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, «Turkmaniston xalq itboqari» unvoni mamlakat mustaqilligi yillarida xalqning milliy qadriyatlaridan biri bo’lgan turkman alabaylarining dunyo miqyosidagi obro’sini oshirishga katta hissa qo’shgan shaxslarga beriladi. Turkman xalqining eng boy madaniy merosining ajralmas qismi bo’lgan turkman alabaylarini boqish va naslini ko’paytirishda katta xizmat qilgan shaxslar «Turkmanistonda xizmat ko’rsatgan itboqar» unvoni bilan taqdirlanadi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mukofotlar Turkmaniston fuqarolariga, shuningdek, chet elliklarga ham berilishi mumkin.