Eski nomi Yabanobod, hozirda esa Kiziljahamam deb yuritiladigan Anqara viloyatining shimolida joylashgan tuman, Anqara va Istanbul, Markaziy Onado’li va Qora dengiz mintaqalarini bir-biriga bog’lovchi avtomagistral yo’lda joylashganligi bilan ham mahalliy aholi va xorijlik sayyohlar orasida ancha mashhur.
Chubuk, Kahramankazan, Ayash, Gudul, Chamlidere tumanlari bilan Bolu va Chanqiri viloyatlari o’rtasida joylashgan Kiziljahamam, asosan tog’li va o’rmonlik hududlardan iborat bo’lib, tuman jami 1712 kvadrat kilometr maydonni egallaydi.
Anqarani ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Kurtbog’ozi, Eg’rekkaya va Akyar to’g’onlari Kiziljahamam tumanida joylashgan.
Rim davridan beri foydalanilgani ma’lum bo’lgan Kiziljahamam issiq buloqlari butun Turkiya bo’ylab mashhurdir. Kiziljahamam odatda, Sog’uksu milliy bog’i, buloqlari, mehmonxonalari, mineral suvlari, tarixiy joylari va festivallari bilan tanilgan. Bu yerdagi termal suvlar ko’plab kasalliklar uchun foydali hisoblanadi. Anqaraga yaqinligi tufayli, ayniqsa, dam olish kunlarida bu yerga tashrif buyuruvchi sayohatchilar soni keskin ko’payadi.
Kiziljahamamga tashrif buyuruvchilar uchun yakshanba kunlari mahalliy aholi tomonidan tabiiy mahsulotlar sotiladigan bozor tashkil etiladi.
Keyingi yillarda Kiziljahamamda qurilgan ko’plab yirik mehmonxona va dam olish maskanlari turli konferensiya va tadbirlarga mezbonlik qilishi orqali, tumanda turizmning jadal rivojlanishiga katta hissa qo’shmoqda.
Kiziljahamamning diqqatga sazovor joylaridan biri Sog’uksu milliy bog’i
Anqara bo’ylab toza havo, tabiat va sayr qilish deganda aqlga kelgan ilk joylardan biri So’guksu milliy bog’i hisoblanadi.
Sog’uksu milliy bog’i shifobaxsh termal buloqlar, hammomlar, ajoyib o’rmonlar va tabiiy oziqalardan tashqari, ko’plab tarixiy go’zalliklarni ham o’z ichiga oladi.
Sog’uksu milliy bog’ida shuningdek alohida muhofazaga olingan, Turkiya va Gretsiyadan boshqa hech bir joyda uchramaydigan qora kalxat qushini uchratish mumkin. Agar ishqiboz bo’lsangiz, Kiziljahamamga tashrif buyurganingizda «Qora kalxatlarni kuzatish va oziqlantirish bo’limi»ga tashrif buyurishingiz va alohida muhofazaga olingan qora kalhat qushini yaqindan kuzatishingiz mumkin. Sog’uksu milliy bog’ida qo’ng’ir ayiq, bo’ri, bug’u, tilla shoqol, yovvoyi cho’chqa, quyon, olmaxon kabi hayvonlar ham tabiiy muhitda yashashi bilan ham e’tiborga molik. Bog’ hududida shuningdek lochin, qirg’ovul, bedana, kaptar kabi qushlarni uchratish mumkin.
Turkiyaning eng muhim milliy bog’laridan biri bo’lgan Sog’uksu milliy bog’i o’simliklarga boyligi va tabiiy go’zalligi bilan ham ajralib turadi.