Qoyalik tog’dan oqib o’tuvchi yetti sharsharadan iborat Kapuzbashi sharsharasi Kayseri viloyatidagi “Aladag’lar milliy bog’i” hududida joylashgan. Sharsharalar yozda muzli suvlari bilan ko’plab sayyohlarni o’ziga jalb qiladi.
Kapuzbashi sharsharasi oqim balandligi jihatidan Ugandadagi Viktoriya sharsharasidan keyin dunyodagi ikkinchi eng baland sharsharadir. Tabiat mo’jizasi bo’lgan Kapuzbashi sharsharalari Turkiyaning Kayseri viloyatidagi “tashrif buyuradigan joylar ro’yxati”ngizda bo’lishi kerak.
Kapuzbashi sharsharasi 7 ta alohida sharsharadan iborat bo’lib, ulardan 5 tasi katta, qolgan 2 tasi esa kichik hisoblanadi. Sharsharalarning har biri oqimni va darani to’yintirishga yetarli darajada kuchlidir. Ularning balandligi 30 dan 80 metrgacha. Sharsharalar oqib o’tadigan hudud 700 metrni tashkil etadi hamda taxminan 77 metr balandlikdan oqadi. Kapuzbashi qishlog’i yaqinidagi tepalikning sharqiy va janubiy yonbag’irlaridan oqib chiqadigan va ajoyib suv shovqini bilan Suarisi oqimiga quyiladigan Kapuzbashi sharsharalari Zamanti daryosi bilan qorishadi. Suv oqimining tezligi yuqori bo’lganligi sababli, tushgan suvdan chiqadigan granulalar keng maydonga tarqaladi. Bu muzli granulalar yozda o’ziga xos “sovutgich” bo’lib xizmat qiladi.
Bu sharsharaning balandligi nuqtai nazaridan dunyodagi ko’plab mashhur sharsharalardan oldindadir. Masalan, Viktoriya sharsharasi 100 metr balandlikdan quyiladi va bu ko’rsatkichi bilan dunyoda birinchi o’rinda turadi. Viktoriya sharsharasidan keyin Kayseri viloyatining Yahyali tumanida joylashgan Kapuzbashi sharsharasi ikkinchi o’rinda turadi. Dunyoda Niagara hamda Imatradan, Turkiyada esa Manavgat bilan Duden sharsharalaridan ham balandroqdan quyiladigan Kapuzbashi sharsharasi sizga gavjum megapolislar shovqini va dunyo stressidan xalos bo’lishingiz, shuningdek hech bir yerda uchratolmaydigan tabiatning sokinligi va sharshara oqishining ajoyib ohangi og’ushida o’zingizni “yangilashingiz” mumkin bo’lgan tengsiz muhitni taklif qiladi.
Turistlar bu yerda nima bilan shug’ullanadi?
Kapuzbashi sharsharalari butun yil davomida yuqoridan oqadigan yam-yashil suvlari bilan Turkiyaning eng katta sharsharalaridan biridir. Sharshara suvlarining tasalli beruvchi ovozi va huzur bag’ishlovchi o’ziga xos ta’siri bilan sharsharalar atrofida dam olish maskanlarida piknik uyushtirish hamda sayr qilish mahalliy sayyohlar tomonidan eng sevimli mashg’ulot hisoblanadi. Bundan tashqari, Kayserining eng mashhur trekking marshrutida joylashgan Kapuzbashi sharsharalari o’zining ajoyib manzarasi bilan sayyohlarga unutilmas onlarni taqdim etadi. Shuningdek, bu yerda muhtasham sur’at va videolar qayd etib, o’zingizning shaxsiy Instagram yoki Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizda joylab, yaqinlaringiz bilan ulashishingiz mumkin!
Qanday borsa bo’ladi?
Kayseri viloyatining Yahyali tumaniga jamoat transportida borish mumkin. Biroq, shu tumanga kelgan vaqtdan boshlab Kapuzbashi sharsharasiga qolgan 55 yoki 65 kilometrni shaxsiy transport vositasi bilan bosib o’tish kerak. Kapuzbashi sharsharalari borish qiyin bo’lgan joyda joylashgani uchun ular o’z tabiiyligini saqlaydi va ko’p ifloslanmaydi.