Tojik qiziga uylanmoqchimisiz, marhamat, 50 ming dollar qalin puli tayyorlab qo'ying!

Tojikistonlik shoira Adiba Aziz mahalliy qizlarga uylanmoqchi bo’lgan xorijiy fuqarolardan qalin puli olish haqida qonun qabul qilishni taklif qildi. Bu haqda «Sputnik Tojikiston»ga asoslanib daryo.uz xabar berdi.

Uning fikriga ko’ra, qalin pulining yarmi kelinning shaxsiy hisob raqamiga tushishi kerak. Ikkinchi yarmi esa teng besh bo’lakka bo’linib, qizning ota-onasi, davlat byudjeti, yetim bolalar, nogironlar va qariyalarga yuborilishi kerak.

Shoiraning Feysbukdagi sahifasida chop etilgan ushbu g’oyasi katta shov-shov va tortishuvlarga sabab bo’ldi. Muhokamada ishtirok etayotganlar asosan ikki guruhga bo’lindi: birinchi guruhdagilar ushbu g’oya insoniylik tushunchalaridan uzoqligi va tojik qizlarining erkinligini cheklashi hamda ularni tovarga aylantirishi mumkinligini aytmoqda.

Ikkinchi guruh vakillari fikriga ko’ra ushbu chora tojik qizlariga uylanishni istayotgan xorijliklar soni tobora ko’payib borayotgan vaqtda milliy genofondni himoya qilishga xizmat qiladi.

Shoiraning fikriga ko’ra, qalin puli xorijliklar oldida tojik qizlarining obro’sini oshiradi va oilada munosabatlar yomonlashganda ularning huquqlarini poymol qilishga yo’l qo’ymaydi.

Bugungi kunda Tojikistonda xorijlik kuyovlar uchun qalin puli to’lash majburiyati bo’lmasa ham bir qator shartlar mavjud. Jumladan, bo’lajak kuyov uylanishdan oldin mamlakatda kamida bir yil yashashi, turmush o’rtog’i va bolalarini uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilgan nikoh shartnomasini imzolashi kerak.