Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Qimmatbaho metallardan tayyorlangan O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tangalarini sotish va qaytib sotib olish tartibi to’g’risida nizom” loyihasi e’lon qilindi.
Nizomga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki yubiley sanalari, tarixiy va zamonaviy davrning muhim voqealari hamda jamiyat hayotidagi boshqa voqealarga bag’ishlangan va tarkibida qimmatbaho metallar bo’lgan yubiley, shuningdek investitsion tangalarni muomalaga chiqaradi.
Markaziy bank tangalari O’zbekiston Respublikasi hududida nominal qiymati bo’yicha naqd pul shaklidagi qonuniy to’lov vositasi, shuningdek nominal qiymatidan farq qiluvchi narxlarda kolleksiya, investitsiya va tezavratsiya (jamg’arma) ob’yektlari sifatida muomalada bo’lishi mumkin.
Markaziy bank har haftada kamida bir marta qimmatbaho metallarning bir gramm narxini aniqlaydi va e’lon qiladi. Mazkur narx qimmatbaho metallarning bir troy unsiyasi uchun avvalgi kunning London qimmatbaho metallar assotsiatsiyasi(LBMA)ning ertalabki fiksing narxi va so’mning AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursidan foydalanib belgilanadi.
Markaziy bank tangalarini sotish va qaytib sotib olish Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari va tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi va ularning joylashgan manzili haqida ma’lumotlar Markaziy bankning rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi.
Markaziy bank tangalarini sotish va qaytib sotib olishda Markaziy bank va tijorat banklari o’rtasidagi munosabatlar alohida shartnomalar asosida tartibga solinadi.
Markaziy bank tangalari jismoniy shaxslarga naqd va naqdsiz pul hisob-kitoblari asosida, shu jumladan xalqaro to’lov kartalari orqali amalga oshiriladi.
Markaziy bank tangalarining yuridik shaxslarga sotuvi to’lovni talab qilib olinguncha depozit hisob raqamidan pul o’tkazish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Markaziy bank tangalarining sotuv narxi Markaziy bank tomonidan har haftada kamida bir marta milliy valyutada, qimmatbaho metallning bir gramm narxi hamda Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadigan marjaga asosan belgilanadi.
Markaziy bank tangalarini jismoniy va yuridik shaxslardan qaytib sotib olish ularni Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qaytib sotib olish shoxobchalari orqali va O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi tomonidan majburiy ravishda texnik ekspertiza o’tkazish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bunda, Markaziy bank tangasining egasi, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxsning vakili o’z fuqarolik pasportini taqdim etadi va ushbu Nizomga ilovaga muvofiq tangani qayta sotib olish uchun qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi. Shuningdek, yuridik shaxsning vakili Markaziy bank tangasini tasarruf etish uchun ishonchnoma ham taqdim etadi.
Dalolatnoma uch nushada tuziladi va ulardan biri qaytib sotib olish shoxobchasida qoladi, ikkinchisi Markaziy bank tangasi egasiga topshiriladi, uchinchi nusha esa texnik ekspertiza o’tkazilishi uchun Asillik darajasini belgilash palatasiga taqdim etiladi.
Markaziy bank tangalari qaytib sotib olish shoxobchalari tomonidan Asillik darajasini belgilash palatasiga 10 ish kunidan kechikmasdan texnik ekspertiza o’tkazish uchun yuboriladi.
Asillik darajasini belgilash palatasi 10 ish kuni davomida texnik ekspertiza o’tkazib, uning natijalari haqidagi ma’lumotni Markaziy bankka taqdim etadi.
Asillik darajasini belgilash palatasining texnik ekspertiza dalolatnomasi olingandan so’ng, Markaziy bank tanga egasi bilan hisob-kitoblarni 10 ish kunidan kechikmasdan amalga oshiradi.
Markaziy bank tangasini qaytib sotib olish narxi tanga topshirilgan kundagi bir gramm qimmatbaho metall narxidan hamda ushbu narxga qo’llaniladigan diskontdan kelib chiqib hisoblanadi.
Markaziy bank Boshqaruvi har bir turdagi qimmatbaho metall uchun alohida diskontni tasdiqlaydi.
Markaziy bank tangasi uning texnik xususiyatlarini tasdiqlovchi asillik sertifikati bilan birga muomalaga chiqariladi. Har bir asillik sertifikati o’z seriya raqamiga ega bo’ladi.
Asillik sertifikatini almashtirishga ehtiyoj bo’lganda yoki uning yo’qotish holatlarida, tanga egasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan qaytib sotib olish shoxobchalariga to’lov asosida yangi asillik sertifikatini olish uchun murojaat qiladi.
Sertifikat almashtirilishi 30 ish kuni davomida Markaziy bank tangasining Asillik darajasini belgilash palatasining texnik ekspertizasidan o’tkazilishi sharti bilan amalga oshiriladi.